Bu yerdagi ayrim adolatsiz, nopok rahbarlar “xalqni rozi qilish” degan ezgu tushunchani hali anglab yetmagan – Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻistonda

Saqlash
17:17 / 26.08.2022 1355 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgi Kengesining navbatdan tashqari 34-sessiyasida ishtirok etmoqda.

 

Davlatimiz rahbari kirish soʻzida “Inson qadri uchun” ezgu tamoyili asosidagi tub islohotlar Qoraqalpogʻistonning har bir shahar va tumani, qishloq va ovuli, har bir xonadoniga kirib borishini taʼminlash asosiy maqsadlardan biri ekanini taʼkidladi.


«Men Prezident sifatida 6 yil davomida boshqa hududlarga nisbatan eng koʻp, yaʼni 9-marta mana shu saxovatli zaminga kelib, bu yerdagi oqsoqollar, tadbirkorlar, yoshlar vakillari bilan koʻp-koʻp muloqotlar qildim.

 

Ushbu davrda Qoraqalpogʻistonni kompleks rivojlantirishga qaratilgan 31 ta farmon va qarorlar qabul qildik.

 

Hududda tadbirkorlik subyektlari soni 2 barobarga ortdi, qariyb 4,5 mingta investitsiya loyihalari ishga tushirildi.

 

Birgina joriy yil fevraldagi tashrif doirasida hududni har taraflama rivojlantirish uchun 1,5 trillion soʻm mablagʻ ajratdik», dedi Prezident.

 

Qoraqalpogʻistonda ichimlik suv taʼminoti 40 foizdan 68 foizga, maktabgacha taʼlim bilan qamrov darajasi 32 foizdan 76 foizga, aholi daromadlari jon boshiga 2 barobarga oshishiga erishilgani taʼkidlandi.

 

Davlatimiz rahbari shuncha saʼy-harakatlarga, Qoraqalpogʻistonga ajratilayotgan katta-katta mablagʻlarga qaramay, aholi kayfiyatiga salbiy taʼsir qilayotgan muammolar saqlanib qolayotganini qayd etdi.

 

“Chunki bu yerdagi ayrim adolatsiz, nopok rahbarlar «xalqni rozi qilish” degan ezgu tushunchani hali anglab yetmagan», dedi Prezident.

 

Bugungi kunda ham aholi oʻrtasida ichimlik suvi, ichki yoʻllar, elektr taʼminoti, ishsizlik, narx-navo kabi muammolar yuzasidan bildirilayotgan shikoyatlar yuqoriligicha qolmoqda.

 

Aslida, 2 oy oldingi voqealar negizida ham aholining ayrim ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga yechim topmasdan yotgani koʻrsatib oʻtildi.

 

“Afsuski, ayrim rahbarlar xalqimizga halol xizmat qilish oʻrniga farovonligini taʼminlashga yoʻnaltirilgan mablagʻlarni samarasiz sarflash, yaratib berilgan imkoniyatlarni ishga solmaslik, el-yurt uchun jonini berib ishlamaslik holatlariga yoʻl qoʻyib kelmoqda”, dedi Prezident.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//