Toshkentdagi AOKA binosi ruxsatsiz tamirlanayotgani ma'lum bo'ldi

Saqlash
21:33 / 25.08.2022 876 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Davlat muhofazasiga olingan Toshkent shahar Shayxontohur tumani Navoiy koʻchasi 30-uyda joylashgan AOKA binosining fasadi, “Oʻzbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tarafida taʼmirlash ishlari Madaniy meros agentligining tegishli ruxsati olinmasdan turib amalga oshirilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi izoh berdi.

 

Qayd etilishicha, Navoiy koʻchasida joylashgan bu bino arxitektura yodgorligi sifatida Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 10-aprel kuni 846-sonli qarori bilan davlat muhofazasiga olingan. Joriy yilning 8-avgust kuni 716-xatga asosan Toshkent shahar Madaniy meros boshqarmasiga Shayxontohur tumani Navoiy koʻchasi 30-uyda joylashgan binoda taʼmirlash ishlarini olib borish yuzasidan murojaat qilingan.


 

 

Madaniy meros boshqarmasi murojaatni koʻrib chiqib, 10 kun muddatda loyiha hujjatlarini tayyorlab, Ilmiy-ekspert kengashiga taqdim etishni soʻragan. Hujjatlar bugungi kunda Ilmiy-ekspert kengashining navbatdagi majlisida koʻrib chiqib, tegishli qaror qabul qilish uchun yuborilgan.

 

“2022-yil 8-avgust kuni 716-xatga asosan, kuz-qish mavsumi yaqinlashib kelayotgani va yogʻingarchiliklarni hisobga olib, Madaniy meros agentligi tomonidan binoga shikast yetkazmasdan uning asl holati, tarixiyligini saqlab qolgan holda, oʻrnatilgan tartibda fasad qismida dastlabki kosmetik taʼmirlash ishlari amalga oshirilishiga ruxsat berilgan”, deyiladi xabarda.

 

Ushbu obyekt kosmetik taʼmirlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar Toshkent shahar Madaniy meros boshqarmasi nazorati ostida olib borilayotgani maʼlum qilindi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//