Termizdagi muzeyda 3,4 mlrd soʻmga teng qalbakilashtirish va kamchiliklar aniqlandi

Saqlash
16:27 / 25.08.2022 697 0

Respublikaning 3 hududidagi davlat muzeylarida 3,5 mlrd soʻmdan ortiq moliyaviy kamchiliklar va eksponatlarni qalbakilashtirish holatlari aniqlandi.

 

Madaniy merosni himoya qilish inspeksiyasi joriy yilning iyun-iyul oylari Andijon va Namangan viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeylarida hamda Termiz davlat muzey qoʻriqxonasida saqlanayotgan noyob ashyolarni xatlovdan oʻtkazildi hamda ularning saqlanishi va xavfsizlik holatini oʻrgandi.

 

Oʻrganishda Ishchi guruh tomonidan Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyida jami 4 dona, Namangan viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyida jami 9 dona ashyolar muzeyning Kirim va Inventar kitoblari hamda ilmiy pasportlarining tavsifnomalariga, oʻlchami, ishlanish uslubi va yaratilgan davri boʻyicha mos kelmasligi aniqlandi.

 

Shuningdek, Termiz davlat muzey qoʻriqxonasida ham oʻrganishlar olib borildi va jami 24 dona ashyolar muzeyning Kirim va Inventar kitoblari hamda ilmiy pasportlarining tavsifnomalariga, oʻlchami, ishlanish uslubi va yaratilgan davri boʻyicha mos kelmasligi, 58 nomdagi ashyolar muzey fondida yoʻqligi maʼlum boʻldi.

 

Madaniy meros agentligining 2022-yil 19-avgustdagi Sanʼatshunoslik eksperti xulosalariga koʻra, Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyida aniqlangan zarar qiymati 31 mln soʻmni, Namangan viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyida 23,7 mln soʻmni, Termiz davlat muzey qoʻriqxonasida esa 3 mlrd 466,8 mln soʻmni tashkil qiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//