Jizzax viloyati hokimligida avtomobillar soni meʼyordan oshiqligi xabar qilindi

Saqlash
20:31 / 25.08.2022 702 0

Jizzax viloyati hokimligi matbuot xizmati hokimlik tasarrufidagi avtomobillar meʼyoridan ortiqcha ekani aytilgan xabarlarga rasmiy munosabat bildirdi.

 

Qayd etilishicha, 25-avgust holatiga Jizzax viloyati hokimligi balansidagi 27 ta avtomashina Prezident va Vazirlar Mahkamasi qarorlari asosida ajratilgan boʻlib, ularning 24 tasi xizmat koʻrsatayotgan boʻlsa, 3 donasi taʼmirtalab, foydalanishga yaroqsiz boʻlib turibdi.

 

Jumladan, viloyat hokimiga 1 dona, sakkizta viloyat hokimi oʻrinbosarlariga bittadan – 8 dona, viloyat hokimining rasmiy delegatsiyalarni qabul qilishi uchun – 5 ta, Prezidentning Jizzax viloyatidagi Xalq qabulxonasi mudiriga – 1 ta, 4 ta viloyat hokimi maslahatchisiga xizmat avtomobillari ajratilgan.

 

Xususan, uchta yengil xizmat avtomobillari “Mercedes-Benz” va “Mercedes Sprinter” (mikroavtobus) 1996-yilda ishlab chiqarilgan hamda “Nexia-1” 2005-yilda ishlab chiqarilgan transport vositalari bugungi kunda taʼmirtalab va foydalanishga yaroqsizdir.

 

Vazirlar Mahkamasining “Davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida “Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent va Fargʻona viloyatlari hamda Toshkent shahar hokimliklariga delegatsiya va mehmonlarga xizmat koʻrsatish maqsadida 5 tagacha, avtotransport vositasi saqlash uchun limit belgilangan”. “Jizzax viloyati hokimligida avtomobillar soni belgilangan meʼyordan oshib ketmagan”, – deyilari munosabatda.

 

Qarorga asosan, viloyat hokimligida 4 ta mehmonlar uchun yengil trasportlar “Cadillac” (2016-yilda ishlab chiqarilgan), “Mercedes-Benz” (2020-yilda ishlab chiqarilgan), “Lacetti” (2019-yilda ishlab chiqarilgan), “Mercedes Sprinter” (mikroavtobus 2020-yilda ishlab chiqarilgan) hamda bir dona navbatchi “Damas” (2016-yilda ishlab chiqarilgan) avtomobillari mavjud.

 

Bundan oldin Sirdaryo hokimligi xarid qilingan 477,9 million soʻmlik mashinani avtosalonga qaytarib bergani, Poytaxt hokimligiga sovgʻa qilingan “Mercedes” Jahongir Ortiqxoʻjayevga tegishli ekani aytilgani toʻgʻrisida xabar berilgandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//