Oʻzbekistonlik yoshlarga Turkiyada doktoranturada oʻqish imkoniyati yaratilmoqda

Saqlash
20:45 / 24.08.2022 1086 0

Innovatsion rivojlanish vazirligi Inson kapitalini rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi oʻzbekistonlik yoshlar uchun doktorantura dasturini yoʻlga qoʻyish uchun Turkiya Respublikasining Istanbul shahrida boʻldi. Bu haqida vazirlik Matbuot xizmati xabar berdi.


Qayd etilishicha, Turkiyada Istanbul texnika universiteti oʻquv ishlari boʻyicha prorektori, professor Shule Itir, xalqaro ishlar boʻyicha prorektori Lutfiye Durak va Mashinasozlik fakulteti dekani, professor Ekrem Tufekchi bilan uchrashuv oʻtkazilgan.


Universitet rahbariyati bilan olib borilgan muzokarada muhandislik sohalarida doktorantura dasturini amalga oshirish uchun Islom Karimov nomidagi Toshkent texnika hamda Istanbul texnika universiteti bilan ikki tomonlama Diplom olish boʻyicha xalqaro dasturni tashkil etish boʻyicha Turkiya tomonidan qator takliflar berildi.


Unda qayd etilishicha, doktorantlarga dissertatsiya himoyasidan soʻng ikki tomonlama yaʼni Istanbul texnika universiteti va Toshkent davlat texnika universitetining falsafa doktori (PhD) darajasi diplomi beriladi.


Shuningdek, Toshkent davlat texnika universiteti bilan Istanbul texnika universitetining injenerlik sohalarida magistratura bosqichi uchun ikki tomonlama diplom dasturlari (elektron muhandislik va telekomunikatsion muhandislik) tashkil etish etilishi rejalashtirilmoqda.


Uchrashuv soʻngida oliy taʼlimning magistratura bosqichida tegishli mutaxassisliklar boʻyicha qabul qilish asosida kelgusida iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ehtiyojlari asosida tor amaliy mutaxassisliklar boʻyicha kadrlar tayyorlash modelini joriy etishga kelishib olindi.


Shu bilan birga, uchrashuv doirasida universitetning ilmiy jarayoni haqida taqdimot qilindi hamda Oʻzbekistondagi iqtidorli yoshlarni Istanbul texnika universitetida qisqa muddatli stajirovka oʻtashi kelishildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//