Ogʻizini tikib olib murojaat qilgan fuqaro javobgarlikka tortildi

Saqlash
14:32 / 23.08.2022 618 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumanida yashovchi fuqaro oʻzining ogʻiz qismini tikib olib murojaat qilgani, keyinroq uy tomiga chiqib olib, oʻzini pastga tashlamoqchi boʻlgani aytilgan xabarlar tarqaldi. Viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi holatga munosabat bildirdi.

 

Maʼlum qilinishicha, joriy yil 20-avgust kuni Yangiyoʻl tumani “Xalqobod” MFYda yashovchi fuqaro S.T. (1991-yilda tugʻilgan) ust kiyimlarini yechib, xonadon tomiga chiqqan va oʻzini pastga tashlashini aytib, baqirib atrofdagilarni yigʻgan.

 

Ushbu voqea joyiga yetib borgan hududiy IIB xodimlari fuqaroni tinchlantirish va undan nima maqsadda bu ishni qilayotgani soʻrab, barchasini qonuniy tartibda hal etilishini bildirgan vaqtida fuqaro IIO xodimlari va atrofdagi shaxslarni turli kurakda turmas soʻzlar bilan haqoratlagan.

 

Baland ovozda soʻkinib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan ushbu harakatlarini davom ettirgan.

 

Holat yuzasidan oʻtkazilgan ochiq sud majlisida fuqaro S.T. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183- (mayda bezorilik) va 194-moddalarida (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) koʻrsatilgan huquqbuzarlikni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga nisbatan 10 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan.

 

Fuqaro sudda maʼlum qilishicha, oʻzini tomdan tashlashiga nomaʼlum bloger ayol kelib, unga “shantaj qilib, masalangni hal qilib yuribsanmi?” degan soʻzlari turtki boʻlgan.

 

Maʼlumot oʻrnida, ushbu shaxs muqaddam jinoyat kodeksining 169- (oʻgʻrilik) va 105-moddalarida (qasddan badanga oʻrtacha ogʻir shikast yetkazish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etgani uchun sudlanib, tegishli tartibda chora koʻrilgan.

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//