Tadbirkorlarning oshirilgan soliq stavkalari boʻyicha 2 trln soʻmlik qarzlaridan voz kechiladi

Saqlash
13:51 / 22.08.2022 755 0

Oʻzbekistonda tadbirkorlarning oshirilgan soliq stavkalari boʻyicha 2 trln soʻmlik qarzlaridan voz kechiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev maʼlum qildi.

 

Joriy yil 1-iyuldan boshlab boʻsh bino, foydalanilmayotgan yer uchastkasiga nisbatan mol-mulk va yer soliqlarining oshirilgan stavkalarini qoʻllash bekor qilingan edi.

 

Avval oshirib hisoblangan soliqlar nima boʻladi, degan savol 19 ming tadbirkorni bezovta qilmoqda va bu boʻyicha koʻplab murojaatlar kelib tushgan.

 

“Shularni inobatga olib, tadbirkorlarning oshirilgan soliq stavkalari boʻyicha hisoblangan 2 trillion soʻmlik qarzlaridan butunlay voz kechsak, nima deysizlar?” - deya tadbirkorlarga murojaat qildi davlat rahbari.

 

Prezident ilgari surgan ikkinchi tashabbus – tadbirkorlar faoliyatini kengaytirish, yangi loyihalarni amalga oshirish uchun qulay moliyalashtirish tizimini yaratishdir. Bu borada kichik biznes loyihalariga 20 trln soʻm yoʻnaltiriladi.

 

Uchinchi yoʻnalish haqida soʻz yuritar ekan, prezident kredit berish masala faqatgina bir tomoni ekani, biznes yurib ketishi uchun yetarli shart-sharoit, infratuzilma va kafolatli bozor kerakligini alohida qayd etdi. Shu sababli, tuman va shaharlar sharoitidan kelib chiqib biznes uchun alohida yondashuvlar joriy etiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//