Qurʼoni Karimning noyob qoʻlyozmasini oʻgʻirlab ketgan shaxslar qoʻlga olindi

Saqlash
17:30 / 19.08.2022 620 0

Chortoq tumani Baliqkoʻl MFYda joylashgan “Sulton Uvays Qaraniy” ziyoratgohidagi «Qurʼoni Karim” kitobining qoʻlyozma nusxasi oʻgʻirlangani haqida xabar qilgan edik.

 

Maʼlum qilinishicha, Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan hamkorlikda olib borilgan tezkor qidiruv ishlari natijasida “Qurʼoni Karim” kitobining qoʻlyozma nusxasi topilib, mazkur oʻgʻirlikni sodir etgan ikki nafar shaxs qoʻlga olindi.

 

Viloyat IIB matbuot xizmati rahbari Shokirjon Hoshimovning Oyina.uzʻga maʼlum qilishicha, qoʻlga olinganlardan biri Chortoq tumani, ikkinchisi esa Namangan shahrida yashovchi fuqarolar boʻlgan.

Kitob Namangan shahrining Navoiy koʻchasida joylashgan koʻp qavatli uylardagi xonadonlardan birida saqlab kelingan.

Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, Qurʼoni Karimning qoʻlyozma nusxasiga hech qanday zarar yetmagan.

Gumonlanuvchilar Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlanib, qamoqqa olingan. Hozirda oldinroq qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻyicha tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//