“Simvolizm asoschisi”, “Yangi olamlarga yo‘l” – “Jahon adabiyoti” jurnalining yangi sonida nimalarni o‘qiymiz?

Saqlash
11:25 / 26.05.2026 16 0

“O‘limlarni qoldirib dog‘da” urush davrining eng qahramonona, eng jangovar shiori bo‘lgan, desak, mubolag‘a emas. U dunyodagi eng buyuk hikmatli so‘zga, eng buyuk shiorga aylanganini tarix tasdiqladi. Shu hikmatning ijodkori Hamid Olimjon desak, ayni haqiqat. She’r yakuni nihoyatda kuchli. Jangchi o‘z yoriga omon qolganimning siri – sen meni sadoqat bilan kutganingdir, deyapti. Urushda o‘lim bilan olishgan men emas, front orqasida, uyda meni sabr va ishonch bilan kutgan yorim, sen qahramonsan, deyapti shoir.” G‘ayrat Majidning “Yangi olamlarga yo‘l” maqolasida otashin shoir Hamid Olimjonning nafis she’rlari, o‘zbek xalqining ming yillik doston va termalaridan ma’naviy ruh olgan dostonlari, ilmiy tadqiqotlari, tarjimalari haqida so‘z boradi. Maqolaning to‘liq matnini “Jahon adabiyoti” jurnalining 2026-yil 3-sonida o‘qing.

 

“Ahmadjon aka – faqat kulgi bilan vaziyatni yumshatib yuradigan ustamon kimsagina emas, balki chin ma’nodagi serqirra ijodkor. U – mohir tashkilotchi, yozma matbuot nashrlariga e’tibor susaygan bugungi kunda “Jahon adabiyoti” atalmish oynoma kemasining cho‘kib ketmay, uzoq manzillarni ko‘zlab suzishiga imkon yaratgan bosh muharrir. Jurnalistikaday uchi-quyrug‘i yo‘q sohani miridan-sirigacha egallagan va bu haqda nechalab kitoblar yozgan ustoz. Talabalarga jurnalistikaning sir-u asrori haqida eng yangi talablar asosida saboq o‘tayotgan suyumli dotsent. Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi publitsistika kengashi raisi. Turli yoshdagi ustozlari, kasbdoshlari, shogirdlari to‘g‘risida ko‘ngillarga titroq soladigan yodnomalar bitadigan xotiranavis. Bular ham kamlik qilganday, bir qator hikoyalar bitgan yozuvchi, ko‘pgina ijodkorlarning asarlariga o‘z munosabatini “Yuz tahlil” kitobi orqali bildirgan adabiy tanqidchi hamdir.” Ushbu parcha adabiyotshunos olim Qozoqboy Yo‘ldoshevning “Jozibali odam” maqolasidan olingan. Unda ustoz jurnalist, taniqli muharrir, publitsist va adib Ahmadjon Meliboyevning hayot va ijod yo‘li tahlil qilinadi.

 

Antipin javob bermadi. Starshina birinchi, ikkinchi, uchinchi menzurkani bo‘shatdi, grelkadan yana siqib chiqarmoqchi edi, lekin biror tomchi ham yo‘q edi. U qo‘lidagi menzurkani shunday qisdiki, idish qisirlab ketdi. Starshinaning barmoqlaridan chiqqan qon to‘shakka sachradi. Starshina buni sezmay g‘amgin so‘kinar va so‘rardi: qayerdan, qanday qilib yana samogon topsa bo‘ladi? Lekin buni hech kim bilmas, o‘zi qimirlay olmasdi, enagalar orqali ichimlik topishga ulguradigan starshinadan bo‘lak birovning qo‘lidan bu ish kelmas, iste’dodi yetishmasdi.” Jurnalning nasr bo‘limida rus adibi Viktor Astafevning “Munavvar yulduzlar” qissasini o‘qiysiz.  Urush fojialari, u shikastlagan qalbning jarohatlariga malham topish mushkul. Rus tilidan Jo‘ra Fozil tarjima qilgan mazkur qissa qahramonlari ham shunday dardlarga davo istayotgan askarlardir. Asar so‘nmas umid va orzular, tiriklikning gashti haqida.

 

Jurnalning keyingi sahifalaridan “Navoiy g‘azaliyotida sabo obrazi” (Munisjon Hakimov), “Bolder – simvolizm asoschisi” (fransuzchadan Abduvohid Hayit tarjimasi), “Yalangto‘sh satrlar sog‘inchi” (Ahmadjon Meliboyev), “Luis Bunyuel syurrealizmi” (Behzod Qodirov) maqolalari hamda “Ma’sumiyat davri” (Edit Uorton. Inglizchadan Go‘zal Ro‘ziyeva tarjimasi), “Tong yog‘dusi” (Sara Jio. Ruschadan Ma’mura Zohidova tarjimasi) romanlari o‘rin olgan.

 

“Tasavvufda “katta olam” (“olami kubro”) va “kichik olam” (“olami sug‘ro”) degan tushunchalar bor. “Kichik olam” (“olami sug‘ro”) – bu dunyo; “katta olam” – ruhoniy, ilohiy olam, shu bilan birga, komil insonning qalbi. “Bodler – simvolizm asoschisi” maqolasidan olingan ushbu parchani jurnalning mazkur soniga xulosa o‘rnida keltirdik. “Jahon adabiyoti” bilan “olami kubro” va “olami sug‘ro” sarhadlaringizni kengaytirib boring.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//