“Imom Buxoriy” ordeni taʼsis etiladi

Saqlash
15:14 / 16.08.2022 621 0

Respublika Oliy Majlisi Senatining oʻttiz birinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan “Imom Buxoriy” ordenini taʼsis etish toʻgʻrisida”gi Qonun maʼqullandi.

 

Taʼkidlanishicha, mazkur orden ikki darajadan iborat boʻladi: “Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni hamda “Imom Buxoriy” ordeni. 

 

Qonunga koʻra:

 

“Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan ilm-fan va madaniyat, jumladan, islom maʼrifati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk alloma va mutafakkirlarning hayoti hamda ilmiy merosini oʻrganish va xalqaro maydonda keng targʻib qilishda katta yutuqlarga erishganligi uchun:

 

– xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlari;

– xorijiy mamlakatlar parlamentlari vakillari;

– xalqaro tashkilotlar, diplomatik vakolatxonalar, konsullik muassasalari hamda ularga tenglashtirilgan boshqa tashkilotlarning rahbarlari va vakillari, shuningdek xorijiy arboblar va olimlar;

– mamlakatimizning atoqli davlat va jamoat arboblari, diniy-ijtimoiy sohadagi rahbarlar va yetuk ulamolar, atoqli olimlar, adiblar, pedagoglar va ilmiy tadqiqotchilar mukofotlanadi.

 

“Imom Buxoriy” ordeni bilan:

 

– ulugʻ allomalarimiz ilmiy merosini chuqur oʻrganib, oʻsib kelayotgan yosh avlodni ajdodlar merosiga hurmat, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashdagi xizmatlari;

– yuksak insoniy gʻoyalar va muqaddas qadriyatlarimizni oʻzida ifoda etgan tarixiy merosimizni tizimli asosda tadqiq etish, ulardan diniy taʼlim, maʼnaviy-axloqiy tarbiya ishlarida foydalanish maqsadida zarur darslik va oʻquv qoʻllanmalari, ilmiy-amaliy tavsiyalar tayyorlashdagi samarali mehnati;

– mamlakatimizdagi diniy-ijtimoiy jarayonlar hamda diniy bagʻrikenglikni taʼminlash masalalarini oʻrganishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot ishlarini qoʻllab-quvvatlash, targʻibot va tashviqot tadbirlarini oʻtkazishdagi faoliyati;

– “Jaholatga qarshi maʼrifat” gʻoyasi asosida islom diniga nisbatan sodir etilayotgan gʻarazli tahdid va harakatlarning oldini olish, bunday xatarlarga qarshi kurashishning ilmiy-maʼrifiy asoslarini ishlab chiqish hamda amaliyotda qoʻllash borasidagi xizmatlari;

– islom sivilizatsiyasining umuminsoniy qadriyatlarini, jumladan, xalqimiz maʼnaviyati va madaniyati rivojida tutgan oʻrni hamda ahamiyatini oʻrganib, ularning ilmiy-nazariy va amaliy jihatlarini tadqiq etishdagi katta xizmatlari uchun mukofotlanadi.

 

“Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni va “Imom Buxoriy” ordeni bilan boshqa shaxslar ham ilm-maʼrifatni rivojlantirishdagi alohida xizmatlari uchun mukofotlanishi mumkin.

 

“Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan mukofotlangan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yetmish baravari miqdoridagi bir martalik pul mukofoti, “Imom Buxoriy” ordeni bilan mukofotlangan shaxslar esa bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdoridagi bir martalik pul mukofoti beriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//