Nukus shahrida “O‘zbekiston Qahramonlari” kitobi taqdimoti o’tkazildi

Saqlash
03:08 / 16.08.2022 915 0

Bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida bo‘lib o‘tayotgan madaniy-ma’rifiy tadbirlar doirasida “O‘zbekiston Qahramonlari” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda bir guruh O‘zbekiston Qahramonlari va ularning oila-a'zolari, ma’naviyat fidoyilari, olimlar, ziyolilar hamda yoshlar ishtirok etdi. 

 

 

Tadbirni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov ochib berar ekan, Qoraqalpoq zaminidan yetishib chiqqan Musa Erniyazov, Ibragim Yusupov, To‘lepbergen Qayipbergenov singari turli sohalardagi yurt qahramonlarining Vatan ravnaqi, el farovonligi, farzandlar tarbiyasi yo‘lida baxshida bo‘lgan sharafli umr yo‘llari haqida birma-bir to‘xtalib, qahramonlar va ularning oila a'zolariga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

 

Taqdimot davomida O‘zbekiston Qahramonlari — Anesya Saytova va Sersenbay Seytnazarovlar yoshlarga o‘zlarining qahramonlik hayot yo‘llari, chekkan sharafli mashaqqatlari, yutuqlari haqida so‘zlab berishdi. 

 

 

Shuningdek, "Ma’rifat" targ‘ibotchilar jamiyati a'zolari, falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedova, O‘zbekiston xalq hofizi Mahmutjon Yo‘ldoshev, Qoraqalpog‘iston xalq jirovi Baxbergen Serenbetov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Kursiya Esonova va boshqa san’atkorlarning chiqishlari yig‘ilganlarni xushnud etdi.

 

 

Eslatib o’tamiz, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tashabbusi bilan “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati hamkorligida “O‘zbekiston Qahramonlari” kitobi chop etildi. Mazkur kitob-albom millatimiz qahramonlariga ehtirom sifatida yaratildi. Unda Vatanimiz taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shib, “O‘zbekiston Qahramoni” yuksak unvoni hamda “Oltin Yulduz” medali bilan taqdirlangan 103 nafar yurtdoshimizning ibratli hayoti va faoliyati haqida hikoya qilinadi. 

 


Kitob sahifalaridan Oʼzbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov, Qoraqalpogʼiston Respublikasi Joʼqorgʼi Kengesining Raisi Musa Erniyazov, shuningdek, milliy adabiyotimiz, sanʼat va jamoat arboblari – Said Аhmad, Tulepbergen Qaipbergenov, Ozod Sharafiddinov, Suyima Gʼanieva, Zikir Muhammadjanov, Ibragim Yusupov, Erkin Vohidov, Аbdulla Oripov, Malika Аbdullaxoʼjayeva, Xasan Normuradov, Lola Murotova singari Oʼzbekistonning yangi tarixida munosib iz qoldirgan 103 nafar shaxslar oʼrin olgan. Ularning ibratli hayot yoʼli, shonli mehnat faoliyati yorqin mayoq singari avlodlar qalbida mangu sharaf timsoli boʼlib qoladi!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//