Toshkentda yuzlab odamlar yana bir moliyaviy piramida qurboniga aylandi

Saqlash
21:52 / 12.08.2022 758 0

Toshkentda yana bir moliyaviy piramida tashkil qilingani maʼlum boʻldi. Bu haqida Xabar.uz nashri xabar berdi.

 

Taʼkidlanishicha, ofisi Toshkent shahrida joylashgan “Rayyona Qutlugʻ” firmasi uy va avtomobil olib berishni vaʼda qilib, 300 nafarga yaqin odamdan turli miqdordagi pullarni yigʻib olgan, ammo belgilangan muddatda vaʼdasini bajarmagan. Nashrning yozishicha, 4-avgust kuni moliyaviy piramida asoschilaridan biri korxona hisobraqamidagi pullarni yechib olib, chet elga qochib ketgan.

 

Jabrlanganuvchilar avtomobil uchun oʻrtacha 4-5 ming dollar, uy uchun esa oʻrtacha 15-17 ming dollar boshlangʻich toʻlov toʻlashgani, bundan oila aʼzolari, turmush oʻrtoqlari bexabar boʻlganini maʼlum qilishgan.

 

Akmal, jabrlanuvchi, Qashqadaryo viloyatidan:

– “Rayyona Qutlugʻ” firmasi haqida internet orqali xabar topganman. Avvaliga ishonchsizday tuyulgan edi, biroq kelib koʻrganimda bu yerdagilarning mijozlarga muomalasi, toʻlovlarning bank orqali qilinishi va ayrim mijozlarga berilayotgan uy va mashinalar ularga boʻlgan ishonchimni orttirdi. Qolaversa, firma xizmatlarini islomiy shartlarda taklif qilgani ham ularga ishonishimga qaysidir maʼnoda turtki boʻldi.

 

Ular menga 4 yildan beri ishlayotgan firma ekanini aytishgandi. Endi bilishimizcha, ochilganiga 8 oy boʻlgan ekan. Hozir rahbarlaridan biri bankdagi pullarni yechib, Ozarboyjonga qochib ketganmish.

 

Men 1-avgust kuni uyga 10 yilga boʻlib toʻlash sharti bilan boshlangʻich 120 million soʻm toʻlov qilganman.

 

Ozoda, jabrlanuvchi. Surxondaryo viloyatidan:

– Toʻyga deb yigʻib yurgan pulimizni olib kelib bergandim. Foizsiz, peniyasiz deyishgani uchun turmush oʻrtogʻimga sovgʻa boʻlsin deb, undan ruxsatsiz shu yerga toʻlov qilganman.

 

Bu yerga kelganimda odamlar 20 ming dollarlab uyga toʻlov qilayotganlarini koʻrib, ishonib qoldik. 5 nafar boʻyi yetgan farzandlarim bor, ularning toʻylari uchun yigʻib yurgan pullarimga ozroq qarz koʻtarib, jami 5 ming dollar toʻlov qilgandim. Endi hammasiga kuyib oʻtiribman.

 

Muqaddas, jabrlanuvchi. Toshkent shahridan:

 

– Biz ham internet orqali xabar topgandik. Avvaliga ishonmadik, ammo bu yerdagilar shunaqa muomala qilishdi va xizmatlari haqida aytib berishdiki, oqibatda yashab turgan uyimizni sotib, boshlangʻich toʻlov – 90 kv.m maydonga ega xonadon uchun 170 million soʻmni toʻlagan edik. Uch nafar oʻgʻlim bor. Turmush oʻrtogʻim bilan kelishib, uyni kengaytirmoqchi edik. Ular istasak koʻp qavatli uylardan xonadon, istasak hovli-uy olishimiz mumkinligini aytishdi. Biz masalamiz oson hal boʻlayotganidan, shunday hojatbaror kishilar bor, deb xursand boʻlib yuraveribmiz...

 

Muqaddas pullarni olib qochib ketgan firma rahbarlaridan biri – Gulyamov Zafar (u mijozlarga oʻzini Abdulloh deb tanishtirgan) bilan oʻsha kuni ham Telegram orqali yozishganini aytadi. Bizga taqdim qilingan skrinshotlarda koʻrinishicha, oʻzini “Abdulloh” deb tanishtirgan va ayni paytda Baku shahriga qochib ketgani aytilayotgan Gulyamov Zafar unga oʻzining sogʻligʻidagi muammolari sababli Hindistonda ekani, xavotir olmasligi, hammasi joyida boʻlishi haqida taskin beruvchi gaplarni aytadi.

 

Mazkur holat boʻyicha firma va firmaning ayni paytdagi rahbari – Egamberdiyev Erkinga advokatlik uchun yollangan Farhod Mirahmedovning aytishicha, Gulyamov Zafar 2022-yilning 10-yanvarida “Rayyona Qutlugʻ” MCHJni tashkil qilib, mart oyiga qadar boshqarib kelgan. Shu yilning 17-mart sanasidan boshlab esa ayni paytda Toshkentda boʻlgan Erkin Egamberdiyevga firma rahbarligini topshirib, oʻzi norasmiy ravishda firma ishlariga bosh-qosh boʻlib kelgan. 4-avgust sanasiga kelib esa u Egamberdiyevni hamkorlar bilan uchrashish bahonasida Moskvaga uchirib yuboradi va oʻzi firma xodimlarining bank-kartalariga pul oʻtkazish va ulardan naqdlashtirib olish yoʻli bilan firmaning bor pullarini olgan. Soʻng chet elga chiqib ketgan.

 

“Gulyamovda ham bankdan pul yechib olish uchun kerakli kalit boʻlgan. Dastlabki oʻrganishlarimizda firmaning jami aylanmadagi mablagʻi 17 mlrd soʻm boʻlganini aniqladik. Oxirgi marta kecha, 8-avgust kuni ham 40 million soʻm pul yechishga urinish boʻlgan. Hozirda Egamberdiyev tomonidan banklardagi hisobraqamlarga taqiq qoʻyildi”, – deydi advokat.

 

Orginfo.uz saytida “Rayyona Qutlugʻ” MCHJ joriy yilning 10-yanvarida davlat roʻyxatidan oʻtgani, ustav fondida 400 million soʻm boʻlgani va taʼsischisi Erkin Egamberdiyev, rahbari Ulugʻbek Jumaboyev ekani keltirilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//