Chiroqchi tumani hokimligi eski hokim vaqtida sotib olingan planshetlarga pul toʻlamasligini maʼlum qildi

Saqlash
15:23 / 12.08.2022 668 0

Ijtimoiy tarmoqlarda chiroqchilik tadbirkor tumandagi mahalla yetakchilariga 100 dona planshet yetkazib bergani va endi ularning pulini ololmay yurgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Chiroqchi tumani hokimligi axborot xizmati munosabat bildirdi. Unda eski hokim Xurram Joʻrayevning tadbirkor bilan tuzgan shartnomasi amaldagi qonunlarga zidligi aytilgan.

 

Taʼkidlanishicha,. 2022-yil 19-aprel kuni Xalq deputatlari Chiroqchi tumani Kengashining VI-63-37-4-66-K/22-sonli qaroriga koʻra, “Chiroqchi tumanidagi mahalla yetakchilariga planshet xarid qilish xarajatlari uchun mablagʻ ajratish haqida” Chiroqchi tumani hokimining 156-4-66Q/22-sonli qarori tasdiqlangan.

 

Mazkur qarorning 2-bandida tuman Moliya boʻlimi mudiri Sh.Maxmatqulov zimmasiga “Tuman mahalliy byudjetining 2022-yil boshidagi erkin qoldiq mablagʻlari hisobidan tumandagi mahalla yetakchilariga planshetlar sotib olish xarajatlari uchun tuman hokimligi hisobraqamiga 235 million soʻm mablagʻ ajratish” yuklatilgan.

 

Chiroqchi tumani hokimligi va tadbirkor H.Qilicheva oʻrtasida 2022-yil 7-fevralda tuzilgan oldi-sotdi shartnomasiga koʻra tadbirkor tomonidan, har birining qiymati 2 350 000 soʻm miqdorida boʻlgan 100 dona planshet yetkazib berilgan.

 

“2021-yil 22-apreldagi «Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi qonunning 27-moddasida, “Byudjet buyurtmachilarining davlat xaridlari boʻyicha toʻlovlari maxsus axborot portalida davlat xaridlarini rejalashtirish, xarid qilish tartib-tamoyillarini amalga oshirish, shartnoma tuzish va ular toʻgʻrisida axborot joylashtirish jarayonlari tugaganidan keyin Moliya vazirligi Gʻaznachiligi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi” deb belgilangan boʻlsada, Oʻzbekiston Respublikasining Byudjet kodeksi va “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi qonuni talablariga zid ravishda 2022-yil 7-fevralda 100 dona planshet sotib olish uchun shartnoma tuzilgan.

 

Bundan tashqari, shartnomaning 2.2-bandida xaridor mahsulot qiymatining 15 foizini oldindan toʻlab berganidan soʻng mahsulot yetkazib berilishi belgilangan boʻlsada, xaridor biror soʻm toʻlov amalga oshirmasdan sotuvchi mahsulotni toʻliq yetkazib bergan» deyiladi munosabatda.

 

Shuningdek, munosabatda Yakkabogʻ tumanlararo Iqtisodiy sudining 2022-yil 13-iyundagi 4-1086-2201/472-son “Chiroqchi tumani hokimligi bilan kreditor «Qilicheva Hamida Boymurodovna” foydasiga 235 000 000 soʻm asosiy qarz, 21600 soʻm pochta xarajatlari undirish toʻgʻrisidagi sud buyrugʻi Chiroqchi tuman hokimligi ishtirokisiz chiqarilgani aytilgan.

 

“Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 15-apreldagi «Byudjetlararo munosabatlarni va soliq maʼmuriyatchiligini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 208-son qarori 2-xatboshi bilan mahalliy davlat hokimiyati organlari byudjet tizimi byudjetlaridan asosiy vositalarni xarid qilish hamda bino va inshootlarni taʼmirlash bilan bogʻliq xarajatlar joriy yil yakuniga qadar toʻxtatilgan» deyiladi munosabatda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//