“Zarafshon” milliy tabiat bogʻi Ekoqoʻmita tizimiga oʻtkazildi

Saqlash
17:24 / 11.08.2022 842 0

10-avgust kuni Vazirlar Mahkamasining “Zarafshon” milliy tabiat bogʻini Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tizimiga oʻtkazish toʻgʻrisida»gi qarori tasdiqlandi. Qarorga muvofiq, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi va Samarqand viloyati hokimligi tasarrufidagi Jomboy va Bulungʻur tumanlarida joylashgan “Zarafshon” milliy tabiat bogʻi Ekoqoʻmitaga tarkibiga kiritildi.

 

Umumiy maydoni 2426,2 gektar boʻlgan bogʻni topshirish ishlari boʻyicha komissiya tuzilgan va uning rahbari, bir vaqtda Ekoqoʻmita raisi Narzullo Oblomurodov bogʻning mol-mulklari, obyektlari va yovvoyi hayvonlarini xatlovdan oʻtkazadi.

 

Ekoqoʻmita 3 oy ichida bogʻ boʻyicha nizom ishlab chiqadi va uni davlat roʻyxatidan oʻtkazadi.

 

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasiga 1-noyabrgacha Suv xoʻjaligi vazirligi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Fanlar akademiyasi va viloyat hokimligi birgalikda bogʻdagi Buxoro bugʻularini yaxlit saqlash va Zarafshon daryosidagi suv sathi pasayishi sababli kelib chiqadigan muammolarga yechim sifatida takliflar kiritishi kerak.

 

Tabiatni muhofaza qilish sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi yuzasidan targʻibot va davlat ekologiya nazorat ishlari kuchaytiriladi. Shuningdek, Fanlar akademiyasi “Zarafshon” milliy tabiat bogʻi hududida tabiiy obyektlar monitoringini yuritib, ilmiy-tadqiqot ishlari olib borishi belgilandi.

 

Zarafshon bogʻi yetti hududga boʻlingan. Maʼlumotlarga koʻra, uchta hudud sayyohlarni qabul qiladigan maskan sifatida tanlab olingan. Ular uchun yayov yurish, mashinada aylanish, velosipedda sayr qilish, otda yurish marshrutlari boʻyicha xizmat koʻrsatiladi.

 

Zarafshon bogʻidagi Buxoro bugʻulari

 

Bogʻning birinchi boʻlimi, yaʼni 4 kilometr qismi yayov yuradigan manzil. Marshrut kirish darvozasidan boshlab turangazor ichidan Zarafshon daryosigacha olib boradi. Shu jarayonda Buxoro bugʻulari va Zarafshon tillarang qirgʻovuli parvarishxonasi, koʻchatchilik tajriba maydonlariga borish mumkin. Mashina, velosiped va otda yurish yoʻllari boʻlim nozirlari hamrohligida boʻladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//