Firibgarlarga qoʻl kelayotgan ijara muammosi: qonun posbonlari kimga “oshna”?

Saqlash
21:49 / 15.10.2021 1870 0

Ayrim sabablarga koʻra ijara uyimizni almashtiradigan boʻldik. Har kuni OLX va boshqa telegram kanallardan ijara uy izlashni boshladik. Koʻpining narxi qimmat, narxi maʼqulrogʻi transportga noqulay, xullas boshim qotdi.

 

2-oktabr kuni aynan menga maʼqul uy eʼloniga koʻzim tushdi. Toʻgʻri, narxi ham arzon emas, lekin sharoitlari tuzuk, transportga har tomonlama qulay edi. Darrov telefon qildim, raqam “makler”ga tegishli ekan va u uy egasi “makler”lar bilan ishlashni xohlamayotganini aytib xonadon egasining raqamini berdi.

 

Tinimsiz “band”dan soʻng nihoyat uy egasi telefonni koʻtardi. Men kimligimiz, ijarada nechta odam turishi haqida maʼlumot berdim, uy holati haqida batafsilroq maʼlumot oldim. Unga maʼqul keldi.

 

“Hozirgacha 15tacha yigitlar telefon qildi, oʻzim qizlar yo oilaga beraman deyayotgandim”, dedi u. Biroq men ham uy egasi ham viloyatda edik. Uy egasining aytishicha, u oʻsha damda rafiqasi bilan mehmonga borgani, taxminan bir kunda qaytishini aytdi. Men ham xuddi oʻsha kuni Toshkentga qaytishim kerak edi. Uy egasi “zalog” bersam boshqaga vaʼda bermasligini, uyni band qilib qoʻyishini aytdi va men rozi boʻldim. Sababi bir necha kun uy izlab, yoqqan uylarga yeta olmayotgan edim. Hammasi juda tez hal boʻlgandek edi.

 

Qishloqdaman, aksiga olib pulni naqd qilib plastik kartamni boʻshatgandim. Amallab kartasiga 300 ming soʻm “zalog” tashlab berdik. Ungacha haligi odam taxminan 5 martacha pul tushmadi, boshqasi “zaynit” qilaversinmi, boshqa oila chiqyapti, singlim olmoqchimisizlar oʻzi deya telegram orqali yozib turdi. Pul tushdi. Tushdi-yu haligi amaki na telefonni koʻtaradi na telegramʼdan yozganimni oʻqib javob yozadi. Tushundim, demak meni chuv tushirishdi.

 

1-2 doʻq qilib yozilgan smsʼdan soʻng telefon qilib hozir muhim ishi borligini keyinroq kalitni berishga kelishini aytadi.

 

Xullas, shunaqa ana boraman-u mana boraman bilan 2 kun oʻtdi, u odam kelmadi.

 

Saldan soʻng men ishonib chuv tushgan eʼlonni ijara eʼlonlari chiqadigan telegram guruhlarida koʻrdim. Boshqalar ham mendek aldanmasin deb, eʼlonni guruhdan oldirdim, eʼlon bergan “makler”ga uy egasi firibgar ekanini aytdim. U avval tan olmadi, raqami va rasmlarini tekshirib ha shu kishi ekan dedi.

 

Qattiq jahlim chiqdi. Gap faqat 300 ming soʻm pulga chuv tushganimda emas, firibgar odamlar ishonchidan foydalanib qancha odamlarni aldab pulini olishga urinayotganida.

 

Hammasi shundan keyin boshlandi.

 

Boshqalar bu muammoga duch kelmasin, firibgar taʼzirini yesin deb barcha voqealarni bayon qilib, firibgarning karta raqami, telefoni, plastik karta egasining ism-familiyasini yozib IIVga onlayn tarzda murojaat qoldirdim. Ichimda oʻylayapman, mana endi 2-3 kunga qolmay topib kelishadi, tavbasiga tayanadi, endi boshqa odamlarni alday olmaydi deb.

 

Ertasi kuni Qashqadaryo IIBdan telefon qilishdi, boʻlib oʻtgan jarayonni qayta-qayta soʻradi. Ertasiga Toshkent shahar IIBBdan qoʻngʻiroq boʻldi. Xullas, mana 10 kundan oshiq vaqt oʻtdi hamki, hali ham IIVdagilar meni murojaatimni qaysi hudud boshqarmasiga topshirilishini bilmay halak. Yaqinda men oʻzimni firibgardek his qilishni boshlasam kerak. Sababi har kuni kamida 1 yo 2 martadan telefon qilib meni tergov qilishadi. Yozgan murojaat matnimni toʻliq qaytadan aytib berishga majbur boʻlaman.

 

Menimcha, ular bu yoʻl bilan meni uzr deya, murojaatimni qaytib olishga majbur qilishmoqchi. Firibgarni izlashga urinish ham boshlanmadi hali. “Qoyil qoldim” bizning IIV ishlash tizimiga.

 

Xulosa oʻrnida aytsam, murojaatimda raqamlar, ismi familiyalar, manzil, OLX platformasidagi havolalarning barchasini keltirgandim, hurmatli IIV tizimi xodimlari qiynalib qolmasin deb. Murojaatda ham, telefon qilishganda ham men pul uchun emas, ijaraga muhtoj odamlarning chuv tushmasligi uchun yozganimni maʼlum qilgandim. Qisqasi ogohlikka chaqiruvchi fuqaro boʻlish ham qiyin ekan.

 

Avvallari shu tizimdan hamma “dod” desa hayron qolardim. Oʻzim ish faoliyatini koʻrdim “tan berdim”, bu ketishda men ham “dod” deb yuboraman. Ular hali firibgarni topishga hatto buyruq olmagan, oradan 10 kundan oshiq vaqt oʻtdi. Bu vaqt ichida ijaraga uy izlab yurgan nechta qora koʻz aldandi ekan-a?



Shundoq ham jiddiy muammoga aylangan ijara uylari tanqisligi holati firibgarlarga qoʻl kelmoqda. Qonun posponlari kimga “oshna”? Firibgarlik qurboni boʻlayotganlargami yoki firibgarlarga. Ular nega bunchalar bemalolxoʻja? Bu savollar menga tinchlik bermayapti.



Shahnoza TOʻRAMURODOVA,

talaba

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//