Ayyubxon Kamolov Namangan shahar hokimi etib tayinlandi

Saqlash
11:45 / 29.10.2025 41 0

Markaziy bank raisi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Kamolov Ayubxon Orifjonovich Namangan shahri hokimi etib tayinlandi.

 

Tayinlov bugun, 29-oktyabr kuni xalq deputatlari Namangan shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasida amalga oshirildi.

 

Ayubxon Kamolov 1971-yilda Namangan shahrida tug‘ilgan. 1993 yili Leningrad qishloq xo‘jaligi institutini, 2001-yili Namangan muhandislik-pedagogika institutini (sirtqi) tamomlagan.

 

Mehnat faoliyatini 1993-yilda Namangan viloyati hokimligi huzuridagi Istiqbolni belgilash va statistika bosh boshqarmasi mutaxassisligidan boshlagan. 1994-2017-yillarda bank va Moliya vazirligi tizimlarida turli vazifalarda ishlagan.

 

2017-2019-yillarda Moliya vazirligi Investitsiya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, 2017-2019-yillarda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi ijrochi direktori lavozimlarida faoliyat yuritgan.

2019-yil fevralidan 2020-yil dekabrigacha Namangan viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan. 2020-yil dekabridan hozirgi tayinlovga qadar Markaziy bank raisining o‘rinbosari lavozimida ishlayotgandi.

 

Eslatib o‘tamiz, Namangan shahrining sobiq hokimi Anvar Otaxo‘jayev bir necha oy oldin korrupsiyada gumonlanib qo‘lga olingandi. DXX 2-sentyabr kuni bergan xabarga ko‘ra, Otaxo‘jayev hokimlikning devonxona mudiri orqali 60 ming dollar olgan vaqtida ushlangan. U ko‘p qavatli uy qurish huquqini olib berish va moliyalashtirish evaziga shuncha pul olganlikda ayblanyapti.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//