Oʻzbekistonning ayrim viloyatlarida quduq qazishga taqiq oʻrnatiladi

Saqlash
16:03 / 05.08.2022 764 0

Navoiy, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Fargʻona va Andijon viloyatlarining ayrim hududlarida yer osti chuchuk suvlariga quduq burgʻilash va suvdan maxsus foydalanishga ruxsatnoma berish boʻyicha moratoriy joriy etilishi kutilmoqda. Bu haqida Prezidentning tegishli qarori loyihasida qayd etilgan.

 

Qaror loyihasi matnida bugungi kunda ayrim hududlardagi yer osti suvlari sathining koʻp yillik oʻrtacha meʼyordan 5 metr va undan ortiq pasayib, ular resurslarining kamayib ketishi kuzatilayotgani, shuningdek, sohaga oid ruxsat beruvchi tartib-tamoyillar keskin soddalashtirilgan va shaffoflashtirilgan boʻlishiga qaramasdan, yer osti suvlariga quduqlarning ruxsatsiz burgʻilanishi va suvdan nazoratsiz, hisobsiz foydalanish holatlari hamon davom etayotgani taʼkidlanadi.

 

Maʼlum qilinishicha, soʻnggi yillarda Davlat geologiya qoʻmitasining hududiy gidrogeologiya stansiyalari tomonidan 1 200 dan ortiq yer osti suvlariga ruxsatsiz burgʻilash va ulardan foydalanish holatlari aniqlangan.

 

Shu bois mazkur hujjat loyihasi bilan yuqorida keltirib oʻtilgan 7ta viloyatning ayrim hududlarida 2022-yil 1-avgustdan boshlab yer osti chuchuk suvlariga quduq burgʻilash va suvdan maxsus foydalanishga ruxsatnoma berishga moratoriy joriy etish nazarda tutilmoqda.

 

Bunda:

 

– suv sathi 5 metrdan ortiq pasayib ketgan hududlarda yerlarni sugʻorish va ishlab chiqarish maqsadlarda yer osti suvlariga quduqlarni burgʻilash hamda mavjud quduqlardan suv tejovchi texnologiyalarsiz yerlarni sugʻorish taqiqlanadi (tasdiqlangan davlat dasturlari doirasidagi burgʻilash ishlari bundan mustasno);

 

– suv sathi 5 metrgacha pasaygan hududlarda yer osti suvlariga quduqlar burgʻilash va suvdan maxsus foydalanish suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni inobatga olgan holda:

 

yerlarni sugʻorish maqsadlari uchun –Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining;

 

ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun – hududiy rivojlantirish dasturlari va suvdan oqilona foydalanish shartlari bilan viloyatlar hokimlari xulosalari asosida amalga oshiriladi;

 

– ushbu hududlarda ichimlikdan tashqari maqsadlarda suv hisoblash vositalarisiz yer osti suvlaridan olinganda soliq toʻlovi belgilangan soliq stavkasining 5 baravari miqdorida undiriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//