Madaniyat
Namangandagi arxeologiya obyektidan rohib va rohibalarga tegishli suyak qoldiqlari, 50 dan ortiq oʻchoq izlari topildi. Bu haqida Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, vazirlik tomonidan Namangan viloyati Norin tumani hududida joylashgan Uchtepa-2 arxeologiya obyektini ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirish boʻyicha taklif Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu obyekt akademik Ahmadali Asqarov tomonidan ochib oʻrganilgan va bir qator tadqiqotlar oʻtkazilgan.
Tadqiqotlarga koʻra, Uchtepa-2 oʻrnida qadimgi Xaylam shahri otashparastlarining ibodatxonasi joylashgani aniqlangan. Ibodatxona milodiy VII-VIII asrlarga qadar mavjud boʻlgan. Qazishma ishlari vaqtida rohib va rohibalarga tegishli suyak qoldiqlari, 50 dan ortiq oʻchoq izlari hamda sopol idish siniqlari topilgan.
«Uchtepa-2 da oʻtkazilgan arxeologik tadqiqotlar ibodatxona yongʻin natijasida vayron boʻlganini koʻrsatdi. Ruhoniylarga tegishli ekani taxmin qilinayotgan jasad qoldiqlarida esa oʻtkir tigʻli qurol bilan yetkazilgan zarba izlari topildi. Ushbu topilmalar va yongʻin izlari ibodatxonada jang olib borilganini koʻrsatib turibdi», deyiladi rasmiy xabarda.
Qayd etilishicha, ushbu tarixiy obyekt kelajak avlodga yetib borishi uchun bir qator ishlar amalga oshirilgan. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda Uchtepa-2 arxeologiya obyekti konservatsiya qilingan.
«Uchtepa-2 arxeologiya obyektining devor va tom qismlarini issiq va sovuqdan saqlash uchun izolyatsiya ishlari amalga oshirilishi va obyektda doimiy bir xil haroratni saqlash maqsadida sovutish va isitish uskunasi oʻrnatish choralari koʻrilmoqda», deyiladi xabarda.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q