OTMga kiritib qoʻyish va oʻqishni koʻchirish boʻyicha jinoiy ishlar fosh etildi

Saqlash
17:19 / 04.08.2022 649 0

Oʻqishga kiritib qoʻyish va oʻqishni koʻchirish yuzasidan jinoiy ishlar aniqlandi. Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Shayxontohur tuman boʻlimi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro F.S. boshqa bir fuqaro F. ni goʻyoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga oʻqishga kiritib qoʻyish uchun firibgarlik yoʻli bilan 3 000 AQSH dollarini olayotgan paytda dalillar bilan qoʻlga olingan.

 

Shu kabi jinoyatlardan yana biri Departamentning Sirdaryo viloyat boshqarmasi hamda Shirin shahar boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro F.M. boshqa bir fuqaro S. ni qoʻshni Qozogʻiston Respublikasidagi universitetda oʻqiganligi toʻgʻrisida hujjat tayyorlab va uni Guliston davlat universitetiga koʻchirib berishni vada qiladi, evaziga 1 500 AQSH dollari talab qilib, shundan 1 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

 

Departament hamda DXXning Bekobod shahar boʻlimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa, fuqaro I.X. tanishlari yordamida boshqa bir fuqaro J.ning oʻqishini qoʻshni Tojikiston Respublikasidagi institutdan Toshkent moliya institutiga oʻtkazib berish evaziga 3 000 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

 

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi va 28, 211-moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilayotgani aytilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//