Jamiyat
Soʻnggi paytlarda dunyo aholisi orasida onkologik xastaliklar bilan kasallanish koʻrsatkichi tobora ortib bormoqda. Maʼlumotlarga koʻra, 2030-yilga kelib, jahonda xavfli saraton kasalliklariga chalingan bemorlar soni 23,6 millionga yetadi.
Afsuski, yurtimizda ham bu kasallik tashxisi qoʻyilgan bemorlar soni kam emas. Xususan, mamlakatimizda har yili koʻplab insonlarda ushbu xastalik aniqlanadi. Ularning 900 nafardan ortigʻi xavfli suyak oʻsma kasalliklariga chalingan bemorlar boʻlib, bunda bolalarning ulushi 7 foizni tashkil qiladi.
Fargʻona viloyati Qoʻqon shahrida yashovchi 14 yoshli M.A. ana shu xastalikni boshidan oʻtkazgan oʻsmirlardan. Yaqinlarining aytishicha, soʻnggi tibbiy tekshiruvlardan soʻng unga xavfli suyak oʻsmasi tashxisi qoʻyilgan.
Shundan soʻng bemorning ota-onasi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga murojaat qilgan.
Kuni kecha ushbu markazda ilk bor rossiyalik va mahalliy shifokorlar hamkorligida mazkur bemorda oʻsuvchi endoprotezlash amaliyoti oʻtkazildi.
— Bu operatsiya chap son suyagi pastki uchligi sohasining rivojlangan xavfli oʻsma kasalligida tizza-boʻgʻinni endoprotezlash amaliyoti hisoblanadi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi boʻlim boshligʻi Tojiddin Mustafoyev. — Toʻgʻri, shu paytga qadar yurtimizning qator tibbiyot muassasalarida shunga oʻxshash operatsiyalar oʻtkazilgan, biroq bugungi jarrohlik amaliyotining farqli tomoni, unda bemorga oʻrnatilgan endoprotez choʻzilish xususiyatiga ega. Yaʼni, uning afzalligi operatsiyadan keyin moslamani uzaytirish imkoni mavjud.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, mazkur protez bemor organizmining oʻziga xosligidan kelib chiqqan holda individual tarzda tayyorlanadi. Qolaversa, moslama oʻsmir organizmi rivojlangani sari unga uygʻun ravishda oʻsib boradi.
Natijada bola ulgʻayganda ham unda qoʻl yoki oyoqning kaltaligi kabi nuqsonlar kuzatilmaydi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q