Bugundan nimalar oʻzgarmoqda?

Saqlash
15:31 / 01.08.2022 792 0

2022-yil 1-avgustdan kuchga kirgan milliy qonunchilikdagi asosiy oʻzgarishlar sharhi taqdim etildi.
 

Yuridik xizmat koʻrsatish markazlari maktablar, bolalar bogʻchalari va poliklinikalarga xizmat koʻrsatishni boshlaydi
 

Respublikaning barcha tuman va shaharlarida yuridik xizmat bilan taʼminlanmagan davlat organlari va tashkilotlarining quyidagi tuman (shahar) boʻlinmalariga yuridik xizmat koʻrsatiladi:
 

– boʻlimlar
– mahalla va nuroniylarni qoʻllab-quvvatlash boʻlimi;
– qishloq xoʻjaligi boʻlimi;
– turizm va madaniy meros boʻlimi;
– sportni rivojlantirish boʻlimi;
– oila va xotin-qizlar boʻlimi;
– davlat soliq inspeksiyasi;
– aholi bandligiga koʻmaklashish markazi;
– umumiy oʻrta taʼlim maktablari;
– maktabgacha taʼlim tashkilotlari;
– koʻp tarmoqli markaziy va oilaviy poliklinikalar.


Mobile-ID tizimi joriy etiladi


Jismoniy shaxslarni identifikatsiyalashning Mobil-ID tizimi davlat xizmatlaridan foydalanish uchun shaxsni identifikatsiyalashning mavjud vositalari bilan parallel ravishda ishlaydi. U shaxsni uning mobil telefon raqami orqali identifikatsiyalashni nazarda tutadi. Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyalash fuqaroning xohishiga koʻra davlat xizmatlari markazlari yoki notarial idoralar tomonidan yoxud YAIDXPning mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi.
 

Ayrim davlat xizmatlari interaktiv rejimga oʻtkaziladi
 

Quyidagi xizmatlar faqat YAIDXP orqali koʻrsatiladi:
 

– avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatuvchi yuridik shaxslarning oʻquv guruhlarini roʻyxatga olish;

– avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchiligiga nomzodlardan imtihonlarni qabul qilish uchun hujjatlarni va milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtirish.


Tajriba-sinov OTMda Auditning xalqaro standartlarini chuqurlashtirilgan tarzda oʻqitish joriy etiladi
 

Tajriba-sinov OTMlarining (Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent moliya instituti, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti) taʼlim jarayoniga AXS boʻyicha chuqurlashtirilgan tarzda oʻqitishni nazarda tutuvchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisligi boʻyicha “Buxgalteriya hisobi” va “Audit” fanlari boʻyicha yangilangan oʻquv dasturlari joriy etiladi.
 

Davlat organlari va tashkilotlari uchun ochiqlik indeksi joriy etiladi
 

Indeks davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50% va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari hamda davlat unitar korxonalarida ochiqlikni taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholash imkonini beradi.

Davlat byudjeti va xalqaro moliya institutlari mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalar, shu jumladan istiqbolli investitsiya va infratuzilma loyihalari boʻyicha ularning asosiy texnik koʻrsatkichlari va boshqa loyiha hujjatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar roʻyxatiga kiritiladi.


Sanoat mulki muhofazasi kuchaytiriladi
 

Adliya vazirligining “Sanoat mulki muhofazasi portali” ishga tushiriladi. Portal orqali respublikada ishlab chiqarilayotgan, realizatsiya qilinayotgan mahsulotlarni ularda qoʻllanilgan nom, qadoqlar va boshqa rekvizitlarda intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni tekshirish mumkin boʻladi:
 

– tovar belgisi;
– geografik koʻrsatkich;
– tovar kelib chiqqan joy nomi;
– sanoat namunasi.


Nogironlar uchun – “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” elektron tizimi
 

Toshkent shahrida nogironligi boʻlgan shaxslarni komissiyalarda hisobga olish va koʻrikdan oʻtkazishning yangi “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza” elektron axborot tizimi joriy etiladi.
 

Oilaviy poliklinikalarning ishi reyting boʻyicha baholanadi
 

Oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarning ish samaradorligini baholashning yangi reyting tizimi joriy qilinadi. Bu Aholiga koʻrsatilayotgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordamining sifatini yaxshilash, tibbiyot xodimlarini qoʻllab-quvvatlash va faoliyati samaradorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi choralaridan biridir.
 

“UzGasTrade” AJ – “Oʻztransgaz” AJning huquqiy vorisi
 

“Oʻztransgaz” AJning tabiiy gazni xarid qilish va sotish shartnomalari hamda bitimlari, shu jumladan mahsulot taqsimotiga oid bitimlar boʻyicha huquq va majburiyatlari “UzGasTrade” AJga oʻtadi. U:
 

– tabiiy gazni davlatning yagona operatori sifatida respublikadagi ishlab chiqaruvchilardan Idoralararo tarif komissiyasi tomonidan tasdiqlanadigan narxlarda va import orqali tashqi manbalardan markazlashgan tartibda xarid qilish;
 

– “Hududgaztaʼminot” AJga va magistral gaz uzatish tizimiga ulangan isteʼmolchilarga tabiiy gazni toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida sotish funksiyalarini bajarishni boshlaydi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//