Oʻzbekiston intellektual salohiyat boʻyicha Markaziy Osiyoda liderlik maqomida – Irine Gochashvili

Saqlash
00:15 / 27.07.2022 942 0

Gruzin shoirasi va tarjimoni Irene Gochashvili  Oʻzbekiston intellektual salohiyat boʻyicha Markaziy Osiyoda liderlik maqomida degan fikrni bildirdi. U bu haqida feysbuk sahifasida maʼlum qilgan. Ijodkor “Madaniyat va maʼrifat” telekanalida namoyish etilayotgan “Birgalikda koʻramiz” koʻrsatuvi haqidagi mulohazalari bilan boʻlishgan. 

 

Telekanal Tengiz Abuladzening ijodiga bagʻishlab bir qancha koʻrsatuvlar namoyish etgan.

 

“Ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatib shuni tushundimki, Gulmira Musajonova boshlovchiligidagi “Birgalikda koʻramiz” koʻrsatuvi oʻz tomoshabiniga ega ekan. Shaxsan oʻzimni Abuladzening “Iltijo” filmiga bagʻishlangan soni juda qiziqtirdi. “Iltijo” filmining tahlilidan shuni tushundimki, intellektual salohiyat boʻyicha Oʻzbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida liderlik maqomida ekan", deya yozgan u.

 

Shuningdek, Irine Gochashvili koʻrsatuvda adabiyotshunos, professor Ibrohim Haqqul va Oʻzbekiston xalq artisti Dilorom Karimova ishtirok etgani va ularning fikrlari yurakka qoʻyiladigan gaplar ekani haqida yozgan. 

 

U koʻrsatuv mehmonlarining “Iltijo” filmidagi ramzlar, qiyofalar, dekoratsiya va tasvirchining mahoratiga – deyarli har bir detalga toʻxtalgani haqida yozar ekan ular bildirgan fikrlardan iqtiboslar keltirgan. 

 

“Ibrohim Haqquldan iqtiboslar keltiraman: “Nissheda bir gap bor: dunyoni optimistlar emas, pessimistlar qutqaradi” , “Rauf Parfi esa “faqat shoir haqli baxtsiz boʻlmoqqa” deb yozgandi”, “Tengiz Abuladzening yutugʻi oʻsha sovet davridayoq soxta vatanparvarlik bilan, ura-urayu minbarbozlik bilan insonning mohiyatiga yetib borib boʻlmasligini bilgan. Odam qachon ichdan erkin boʻlsa, oʻsha erkinlikni hayotga joriy qilman desa – mana shu jasorat! Aynan shu jihat uni olomonchilikdan ajratib turadi. Olomon dahshatli kuch”.

 

Dilorom Karimova aytadi: “Saxarov va Eynshteynlar dunyo haqida, insoniyat taqdiri haqida qanday qaygʻurgan boʻlsa, Abuladze ham insoniyat taqdiri haqida shunday qaygʻurgan. Va bu uning ijodiga koʻchgan. Abuladzening har bir filmida mustabidlik va jaholatga munosabat bor”.

 

Qaniydi, mazkur koʻrsatuv bilan gruzin jamiyati ham toʻliq tanishib chiqsa!”, deya yozgan Irine Gochashvili.

 

U ushbu filmni eslanishi oʻzi uchun katta sharafligini qayd etgan va koʻrsatuv ijodkorlariga minnatdorchilik bildirgan.

 

Maʼlumot uchun: Irine Gochashvili – shoira, tarjimon. Gorkiy nomidagi Adabiyot institutini tamomlagan.

 

Onasi Mziya Xetaguri gruzinlarning mashhur shoirasi. Otasi – Jamal Gochashvili, Gruziya xalq artisti.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//