Siyosat
Oʻzbekiston elchixonasi koʻmagida “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ delegatsiyasining Ispaniya Sanoat, savdo va turizm vazirligida uchrashuvi tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” agentligi.
Maʼlum qilinishicha, uchrashuvdan maqsad “FIEM” Korxonalarni internatsionalizatsiya qilish jamgʻarmasidan 4 ta “Talgo-250” tezyurar elektropoyezdini xarid qilish uchun imtiyozli kreditlar ajratish masalasini muhokama qilishdan iborat boʻlgan.
Uchrashuvda Ispaniya vakillariga “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ faoliyati va Oʻzbekistonda temir yoʻl qurilishi sohasida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar taqdim etilgan. Xususan, shu kungacha Ispaniyaning “Patentes Talgo SLU” kompaniyasida ishlab chiqarilgan 6 ta tezyurar elektropoyezd “Oʻzbekiston temir yoʻllari” tomonidan xarid qilingani taʼkidlangan. Oxirgi partiya 2021-yilda olib kelingandi. Loyihalarni moliyalashtirish uchun Korxonalarni internatsionalizatsiya qilish jamgʻarmasidan 30 yil muddatga 10 yillik imtiyozli davr bilan kredit jalb etilgan.
Shuningdek, Ispaniya tomoniga Buxoro—Urganch—Xiva temir yoʻl liniyasini elektrlashtirish loyihasining amalga oshirilishi haqida batafsil maʼlumot berilgan. Mazkur tezyurar liniya foydalanishga topshirilgandan soʻng qoʻshimcha 4 ta elektropoyezd sotib olish nazarda tutilmoqda.
Tomonlar loyihani moliyalashtirish uchun “FIEM” jamgʻarmasining imtiyozli krediti hisobidan “Talgo-250” poyezdlarini xarid qilishni tashkil etish imkoniyatlarini muhokama qilgan.
Ispaniya hukumatining tegishli vazirliklari rahbariyati tomonidan “FIEM” jamgʻarmasidan imtiyozli shartlarda kredit ajratish imkoniyati masalasini ijobiy hal etish uchun barcha saʼy-harakatlar amalga oshirishi maʼlum qilingan.
“Muzokara yakunlari boʻyicha tomonlar ushbu masala boʻyicha ekspertlar darajasida ishlashni davom ettirishga kelishib oldi”, deyiladi xabarda.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q