Magistraturaga qabulda soxta sertifikatlar yuklangani maʼlum boʻldi

Saqlash
00:53 / 23.07.2022 705 0

Magistraturaga qabulda soxta sertifikatlar yuklanmoqda. Bu haqida oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Abduqodir Toshqulov rahbarligida 2022/2023-oʻquv yili uchun qabulni samarali tashkil etish masalalariga bagʻishlangan kengaytirilgan yigʻilishda maʼlum qilindi.

 

 

Vazir yangi oʻquv yilida kasbiy (ijodiy) imtihonlarni shaffof oʻtkazish boʻyicha 46 ta oliy taʼlim muassasasi tayyorgarlik holatiga eʼtibor qaratib, oʻtgan oʻquv yilidagi kamchiliklarni takrorlamaslik uchun har bir oliy taʼlim muassasasi rahbari masʼuliyat bilan yondashishi zarurligini taʼkidladi.

 

Ajratilgan bino va auditoriyalar sifatli videoyozuv jihozlari bilan taʼminlangani, jamoatchilik nazorati kuchaytirilgani, imtihon natijalari oʻz vaqtida rasmiy manbalar orqali eʼlon qilinishiga alohida toʻxtalib oʻtildi. Imtihon jarayonlarini kuzatish uchun kelgan ota-onalar va komissiya aʼzolariga zarur sharoit yaratish borasidagi tashkiliy masalalar ham oʻrin egalladi.

 

Kun tartibidan oʻrin olgan navbatdagi masala magistraturaga qabulni tashkil etish boʻldi. Kelib tushgan 4332 ta arizaning 1282 tasi talab darajasida emasligi, ayrim holatlarda soxta sertifikatlar ham yuklanayotgani aytildi. 

 

Magistraturaga qabul tugashiga oz muddat qolganiga qaramay, aksariyat OTM tomonidan bakalavriat bosqichi bitiruvchilari diplomlarini oʻz vaqtida rasmiylashtirish yakunlamagani tanqid qilindi. Bu magistraturaga kirish istagida boʻlgan abituriyentlar asosli noroziliklarini keltirib chiqarayotgani qayd etildi.

 

Masʼullarga barcha imkoniyatlarni ishga solgan holda qisqa vaqt ichida bitiruvchilar diplomlarini rasmiylashtirishni yakuniga yetkazish va qatʼiy nazorat olish yuzasidan topshiriqlar berildi.

 

Ikkinchi oliy taʼlimga hujjatlar qabul qilishning borishi, tartibi bilan bogʻliq maʼlumotlarni rasmiy saytlarda eʼlon qilishdagi sustkashliklar ham tanqid ostiga olindi. Ikkinchi oliy taʼlimga qabulni amalga oshiradigan barcha OTM rektorlariga yuqorida qayd etilgan maʼlumotlarni aniq va batafsil eʼlon qilish borasida koʻrsatma berildi.

 

Yana bir muhim masala – texnikum bitiruvchilarini suhbat asosida oʻqishga qabul qilish haqida soʻz yuritildi. OTM rektorlariga ushbu jarayonni yuqori saviyada tashkil etish yuzasidan vazifalar topshirildi.

 

Bildirilishicha, soʻnggi kunlarda talabalar va ular ota-onalariga yetarlicha tushuntirish ishlari olib borilmagani sababli talabalar tomonidan belgilangan tartiblarni tushunmasdan hujjat topshirishga urinish holatlari kuzatilmoqda. OTM rektorlariga ushbu holatlarni bartaraf etish boʻyicha zarur chora-tadbirlar belgilab berildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//