Yoʻqolgan “prava”ni qayta tiklash uchun imtihon topshirish tizimi bekor qilindi

Saqlash
00:52 / 23.07.2022 807 1

“Avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish hamda ularni imtihondan oʻtkazish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi.

 

Hukumatning ayrim qarorlariga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarga koʻra, yoʻqotilgan haydovchilik guvohnomasini qayta tiklash uchun imtihon topshirish tizimi bekor qilindi.

 

“Yoʻqotilgan milliy haydovchilik guvohnomasi (eski namunadagi haydovchilik guvohnomasi va uning taloni)ning dublikati transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan haydovchilik guvohnomalari maʼlumotlar bazasida tekshirilgandan soʻng imtihonlarsiz beriladi”, — deyiladi qarorda.

 

Shu paytgacha yoʻqolgan va transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilingan guvohnomalarni haydovchilar imtihon topshirib, uning natijalariga qarab olar edi. Hukumat qarori bilan shu tartib bekor qilindi.

 

Bundan tashqari, qarorga muvofiq 2023-yil 1-yanvargacha Yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining avtomatlashtirilgan Yagona axborot tizimi ishga tushiriladi. Shuningdek, 2022-yil 1-noyabrdan haydovchilik uchun beriladigan tibbiy maʼlumotlarning yagona elektron bazasi shakllantiriladi va Yagona axborot tizimiga integratsiya qilinadi.

 

Belgilanishicha, yagona namunadagi nazariy imtihon savollarini animatsiyali koʻrinishda ishlab chiqish “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi qonunda belgilangan tartibda tadbirkorlik subyektlarini jalb qilgan holda IIV Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasining Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlarini ragʻbatlantirish va mukofotlash jamgʻarmasi hisobidan amalga oshiriladi.

1 Izoh

Adxam

16:02 / 24.02.2024

Juda yaxshi meni xam pravamdan maxrum bulgamman raxmat silarga

Izoh qoldirish

//