Deputatlar pensiyani hisoblash tartibini oʻzgartirishni maʼqulladi

Saqlash
20:34 / 22.07.2022 712 0

2023-yildan boshlab fuqarolarga pensiyani hisob-kitob qilish tartibida oʻzgarish boʻlishi kutilmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi qonunga oʻzgartishlar kiritish haqida qonun loyihasini maʼqulladi.

 

Ushbu Qonun loyihasiga koʻra, 2023-yildan boshlab fuqarolarga pensiyani hisob-kitob qilish uchun inobatga olinadigan oʻrtacha oylik ish haqini pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 12 baravaridan ortiq boʻlmagan (3 888 000 soʻm) miqdordagi oʻrtacha oylik ish haqidan hisobga olinadi.

 

Maʼlumot uchun, amaldagi qonunchilikka muvofiq pensiyani hisob-kitob qilish uchun pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining oʻn baravaridan ortiq boʻlmagan (3 240 000 soʻm) miqdordagi oʻrtacha oylik ish haqi olinadi.

 

Natijada 352 ming nafar fuqaroning pensiya miqdori qayta hisob-kitob qilinib, oʻrtacha oylik pensiya miqdori 400 ming soʻmgacha oshadi. Xususan,

 

– 304 ming nafar yoshga doir pensiyalar;
– 25,2 ming nafar nogironligi boʻlgan shaxslar;
– 23 ming nafar boquvchisini yoʻqotganlar.

 

Taʼkidlash lozimki, pensiyani hisoblashda inobatga olinadigan ish haqi chegarasi 3-marotaba oshirilmoqda. Yaʼni, 1994-yil 1-iyundan kuchga kirgan “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunida pensiyani hisob-kitob qilish uchun inobatga olinadigan oʻrtacha oylik ish haqining yuqori chegarasi pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 7 baravari miqdorida belgilangan, keyinchalik ushbu miqdor 2007-yil 1-oktyabrdan 8 baravarga, 2019-yil 1-yanvardan 10 baravarga koʻtarilgan.

 

Qonun loyihasiga muvofiq koʻzda tutilgan tadbirlarni amalga oshirishda Pensiya jamgʻarmasidan yiliga qoʻshimcha ravishda 1,5 trln soʻmdan ortiq mablagʻ ajratiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//