10 kun ichida Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar va hokimiyatlar ish uslubini oʻzgartiradi

Saqlash
00:39 / 20.07.2022 825 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 18-iyul kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bundan keyin davlat organ va tashkilotlarida yigʻilishga emas, balki aholi muammolari bilan ishlashga eʼtibor qaratilishini maʼlum qildi.

 

“Bundan buyon yigʻilish va qarorlarni kamaytirib, ijro va aholi muammolari boʻyicha ishlaydigan tizim boʻladi. Samarqand viloyatidagi oʻrganishlar koʻp kamchiliklarimizni koʻrsatdi. Bir oydan keyin har bir viloyat hokimi qilgan ishlari haqida alohida hisobot beradi”, dedi prezident.

 

“Oldimizda hali eng qiyin va ogʻir islohotlar turibdi, — deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev. — Hamma oʻzgarishi kerak, ish uslublarini ham oʻzgartirishi kerak”.

 

Vazirlar Mahkamasida, vazirlar va hokimlar ham oʻz tizimida 10 kun muddatda strukturasi va ish uslublarini oʻzgartirishi shart, deyiladi xabarda.

 

Adliya vazirligiga aholi va tadbirkorlarni yangiliklardan xabardor qilish va ularga qulayliklar yaratish hamda qonunchilikni ixchamlashtirish boʻyicha yangi tizimni ishlab chiqish topshirildi.

 

Hisob palatasi, Moliya vazirligiga berilayotgan mablagʻlar maqsadli ishlatilishi, ayniqsa, qurilishni moliyalashtirish, subsidiya va kompensatsiya ajratish jarayonlarini raqamlashtirish boʻyicha yangi tizimni ishlab chiqish topshirildi.

 

“Umuman, hamma mahalla, tumanga tushib, muammolarni ichiga kirib, aniq natijaga ishlashi shart”, dedi davlat rahbari.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//