Oʻzbekistonda xotin-qizlarga taʼlim krediti ajratish boʻyicha imtiyozlar beriladi

Saqlash
22:55 / 19.07.2022 696 0

Shavkat Mirziyoyevning “Oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida xotin-qizlarning taʼlim olishlarini qoʻllab-quvvatlashga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2022-yil 18-iyuldagi PQ-323-son qarori qabul qilindi.

 

Unga koʻra 2022/2023-oʻquv yilidan boshlab barcha xususiy, xorijiy va davlat oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida kunduzgi, sirtqi va kechki taʼlim shaklida xotin-qizlarning toʻlov-kontrakt asosida tahsil olishi uchun imtiyozli shartlarda taʼlim kreditlarini davlat byudjetidan ajratishning yangi tizimi joriy etiladi.

 

Bunda:

 

  • tijorat banklari Moliya vazirligi tomonidan joylashtiriladigan depozit mablagʻlari hisobidan taʼlim kreditlarini 14 foiz stavkada ajratadi;
  • taʼlim kreditining asosiy qismi talabaning rasmiy oʻqish muddati tugagandan soʻng yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi;
  • taʼlim krediti boʻyicha foiz stavkalarini soʻndirish Moliya vazirligi huzuridagi Taʼlim kreditini moliyalashtirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan, ularni tijorat banklariga toʻlash orqali amalga oshiriladi;
  • taʼlim kreditini rasmiylashtirishda va uning qaytarilishida talabaning doimiy daromad manbaiga ega boʻlgan oila aʼzolari va boshqa uchinchi shaxs birgalikda qarz oluvchi sifatida qatnashishiga ruxsat etiladi;
  • “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oilalarning xotin-qizlariga ajratiladigan taʼlim kreditlari uchun garov va kafilliklar talab etilmaydi.

 

Shuningdek, Moliya vazirligi huzuridagi Taʼlim kreditini moliyalashtirish jamgʻarmasi hisobidan oliy, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida xotin-qizlarning toʻlov-kontrakt asosida oʻqishi uchun taʼlim kreditlarini ajratish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//