Siyosat
Sunʼiy yoʻldoshdan olingan tungi yorugʻlik tasvirlariga koʻra, Oʻzbekiston va qoʻshni mamlakatlarning iqtisodiy koʻrsatkichlari baholandi. Bu haqida Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti xabar berdi.
Tungi chiroqlarning fazoviy tasviri (NTL — Nighttime lights) mintaqalarning iqtisodiy koʻrsatkichlarini baholashda foydalaniladigan maʼlumot turi hisoblanadi.
NTL mamlakat hududlari aholisi, uning zichligi, ishlab chiqarish kuchlarining joylashuvi, mamlakat hududining iqtisodiy faol qismi haqida tasavvurni shakllantirishga yordam beradi.
U sunʼiy yoʻldoshdan olingan tungi yorugʻlik tasvirini 63 xil rangda qayta ifodalash natijalari orqali hisoblanadi.
Unga koʻra, 2021-yil dekabr oyida tunda yoritilganlik darajasi 2016-yilga nisbatan Oʻzbekistonda 47,2 foiz, Qirgʻizistonda 11,8 foiz, Qozogʻistonda 15,5 foiz, Turkmanistonda 37,5 foiz va Tojikistonda 64,4 foizga ortgan.
Shuningdek, 2021-yilda YAIM 2016-yilga nisbatan Oʻzbekistonda 27,3 foiz, Qirgʻizistonda 7,8 foiz, Qozogʻistonda 14,9 foiz, Turkmanistonda 35,2 foiz va Tojikistonda 41,1 foizga ortgan.
Tungi yorugʻlik darajasi mamlakatlarning iqtisodiyoti koʻlami bilan mos tushadi. Xususan, oʻrganilgan 5 mamlakat orasida Qozogʻiston YAIM boʻyicha yetakchi va yorugʻlik darajasi eng yuqori.
Keyingi oʻrinlarda Oʻzbekiston va Turkmaniston joylashgan. Qirgʻiziston va Tojikiston YAIM hajmi boʻyicha ham tungi yorugʻlik darajasi boʻyicha ham oxirgi oʻrinlarda.
Oʻzbekistonda Xorazm, Fargʻona va Samarqand viloyatlarida yorugʻlik darajasi 2016—2021-yillarda 1,9—3,6 barobargacha ortgan.
Yorugʻlik darajasining eng kam oʻzgarishi Qashqadaryo viloyatida kuzatilib (0,8 foiz), viloyat YAIM hajmi boʻyicha ham hududlar orasida eng kam oʻsish (18,9 foiz) koʻrsatkichiga erishgan.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q