“Fidoyi yoshlar yetakchisi” tanlovining viloyat bosqichida munosiblar saralanmoqda 

Saqlash
22:00 / 16.07.2022 1043 0

Avval xabar berganimizdek, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federasiyasi, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi bilan hamkorlikda mahallalardagi yoshlar yetakchilari o‘rtasida “Fidoyi yoshlar yetakchisi” respublika ko‘rik-tanlovi o‘tkazilmoqda.

 

Tanlovning birinchi bosqichi yakuniga yetganidan so‘ng   viloyatlar bo‘ylab keyingi saralash jarayoni davom etmoqda. Ikkinchi bosqichda tuman bo‘yicha g‘olib bo‘lgan faol yoshlar yetakchilari to‘rtta shart bo‘yicha bellashadilar. Ularni baholashda yil davomida erishgan natijalari, yutuqlari, yoshlarga ko‘rsatgan yordamlari muhim ahamiyat kasb etdi.  

 

 

Toshkent viloyatida bo‘lib o‘tgan tanlovda 22 nafar yigit-qizlar o‘zaro kuch sinashishdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, O‘rta Chirchiq tumani “Obod” mahallasi yoshlar yetakchisi Baxtigul Azatova 3-o‘rin, Chinoz tumani “Birlik” mahallasi yoshlar yetakchisi Sarvarbek Mirzayev 2-o‘rinni egalladi. Oqqo‘rg‘on tumani “Guliston” mahallasi yoshlar yetakchisi Azamat Namozov esa ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichi g‘olibi deb topilib, respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Tadbir so‘nggida tanlov ishtirokchilari va g‘oliblar tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho esdalik sovg‘alari hamda diplom bilan taqdirlandilar.

 

 

Farg‘ona viloyati Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasining zalida bo‘lib o‘tgan ko‘rik tanlov ham qizg‘in munozaralarga boy kechdi. Tanlovning tuman va shahar bochqichlarida o‘zining mahorati va bilimi bilan ajralib turgan 19 nafar yoshlar yetakchisi g‘oliblikni qo‘lga kiritib, ikkinchi bosqichga yetib keldi. Viloyat hokimi o‘rinbosari Jamshed Hatamov tanlovning ochilish marosimida yoshlar yetakchilari mahallalarda katta kuch ekanini ta’kidlab, barcha ishtirokchilarga omad tiladi. Tanlov yakuniga ko‘ra, Farg‘ona shahar “Gulzor” mahalla fuqarolar yig‘ini yoshlar yetakchisi Jahongir Isroilov birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Buvayda tumanidagi “Yangiqadam” mahalla fuqarolar yig‘ini yoshlar yetakchisi  Bunyodjon Otaqulov ikkinchi, Qo‘qon shahar “Istiqlol” mahalla fuqarolar yig‘ini yoshlar yetakchisi Irodaxon Qayumova esa uchinchi o‘rinni egalladi.

 

 

Xorazm viloyatida o‘tkazilgan “Fidoyi yoshlar yetakchisi” tanlovida esa 13 nafar yigit-qiz belgilangan shartlar bo‘yicha bellashdilar. Tanlov natijalariga ko‘ra, 1-o‘rinni Yangibozor tumani “P.Mahmud” mahalla yoshlar yetakchisi Karimov Doniyor, 2-o‘rinni Gurlan tumani “Nukus” mahalla yoshlar yetakchisi Yo‘ldashev Bektursin, 3-o‘rinni Urganch shahri “Toza bog‘” mahalla yoshlar yetakchisi Sa’dullayev Sharofaddin qo‘lga kiritdi. Gʻoliblar hamda tanlovda faol qatnashgan yoshlar hamkor tashkilotlar tomonidan munosib taqdirlandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//