Bosh prokuror jinoyatchilikka qarshi kurash ishlarini keskin tanqid qildi

Saqlash
21:14 / 16.07.2022 1310 0

Bosh prokuror Nigʻmatilla Yoʻldoshev boshchiligida Bosh prokuratura hayʼatining yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

 

“Videoselektor tarzida oʻtkazilgan hayʼat majlisida prokuratura organlarining mamlakatda qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida 2022-yil 1-yarmidagi faoliyati natijalari tanqidiy muhokama qilindi”, deyiladi xabarda.

 

Nigʻmatilla Yoʻldoshev yigʻilishda maʼruza qilib, oʻtgan yarim yilda prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilgan ishlar va yoʻl qoʻyilgan xato-kamchiliklarga birma - bir toʻxtalib oʻtdi.

 

Oʻtgan yarim yilda prokuratura organlari tomonidan 60 mingga yaqin nazorat hujjatlari qoʻllanilib, 100 ming fuqaroning buzilgan huquqlari tiklangan.

 

Prokuror tekshirishlari va dastlabki tergov davomida aybdor shaxslardan fuqarolarga va davlat manfaatlariga yetkazilgan 636 mlrd. soʻmlik zararning undirilishi taʼminlangan.

 

Bevosita prokurorlar saʼy - harakati bilan qisqa muddatda 160 mingdan ortiq ehtiyojmand oilaga har tomonlama koʻmak berilgan, qariyb 172 ming nafar ishsiz fuqaroning bandligi taʼminlangan.

 

Tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish, eksport hajmini oshirish kabi iqtisodiyot rivojidagi dolzarb yoʻnalishlarda tizimli tadbirlar amalga oshirilib, 2 ming nafardan ortiq tadbirkorning buzilgan huquqlari tiklangan, 10 ming nafardan ortigʻiga muammolarini bartaraf etishda koʻmaklashilgan.

 

Yigʻilishda yer resurslaridan samarali va oqilona foydalanishni taʼminlash masalalariga ham toʻxtalib, bu borada oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida 3495 gektar yer maydonlari oʻzboshimchalik bilan egallanganligi, 1830 gektar zaxirasiga qaytarilishi taʼminlanganligi, shuningdek, 12487 gektar yer maydonlarini talon - toroj qilish bilan bogʻliq holatlar yuzasidan 574 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilganligiga urgʻu berildi.

 

Shu bilan birga, bu masalada prokuratura organlari zimmasiga katta masʼuliyat va javobgarlik yuklatilganligi masʼullarga yana bir bor uqtirilib, galdagi vazifalar belgilab berildi.

 

Qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish, jumladan oʻta muhim boʻlgan gʻallani nes-nobut qilmasdan yigʻishtirib olish, uning joriy qilingan yangi mexanizmlar asosida realizatsiya qilinishi, hisob - kitob ishlarining oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash ishlariga jiddiy eʼtibor qaratish zarurligi uqtirildi.

 

Bosh prokuror oʻta dolzarb boʻlgan jinoyatchilikka qarshi kurashish ishlarini tashkil qilish borasidagi muammolar va yoʻl qoʻyilayotgan xato -kamchiliklarni keskin tanqid ostiga oldi.

 

Huquqbuzarliklar profilaktikasi tadbirlarini yanada kuchaytirish, vaziyatning barqarorligiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchining omillarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish, jinoyatga jazo muqararligini taʼminlashning barcha choralarini koʻrish zarurligi qatʼiy taʼkidlandi.

 

Umuman, hayʼat yigʻilishida asosiy eʼtibor prokuratura organlarining yarim yillik faoliyatida yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar, xato va nuqsonlar, ularni bartaraf etish choralari hamda galdagi dolzarb vazifalarga qaratildi.

 

Hayʼat majlisida masʼullarning izohlari tinglanib, kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha ijro muddatlari aniq koʻrsatilgan topshiriqlar berildi.

 

Barcha xodimlar xotirjamlikka berilmasdan, yuklatilgan vazifalarni toʻlaqonli va soʻzsiz ijro etishlari, tashabbuskor va fidoyi boʻlishlari shartligi qatʼiy belgilandi.

 

Hayʼatda koʻrilgan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//