“Unutmas meni bog‘im ...” – Usmon Nosir ijodiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi

Saqlash
03:29 / 16.07.2022 1699 0

Prezidentimizning 2022-yil 10-fevraldagi “Otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga binoan o‘zining betakror iste’dodi, go‘zal she’r va dostonlari bilan o‘zbek adabiyotida o‘chmas iz qoldirgan, mustabid tuzum davrida siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan ijodkor Usmon Nosir tavvalludining 110 yilligi yurtimizda keng nishonlanmoqda.

 

 

Bugun, 15-iyul kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari davlat muzeyi bilan hamkorlikda shoir Usmon Nosir tavalludining 110 yilligiga bag‘ishlangan “Unutmas meni bog‘im...” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

 

 

Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyida o‘tkazilgan mazkur tadbirda taniqli adabiyotshunos olimlar, ijodkorlar, muzey xodimlari ishtirok etdi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Mirzo, Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori Baxtiyor Hasanov, Qurolli Kuchlar davlat muzeyi direktori Musalim Nuriddinov tadbirni kirish so‘zi bilan ochib berdi.

 

O‘zFA akademigi Naim Karimovning “Usmon Nosir she’riyati haqida” hamda yozuvchi Hakim Sattoriyning “Qatag‘on qurbonlari fojiasining saboqlari” mavzusida ma’ruzalari tinglandi.

 

 

Tadbir davomida Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi tomonidan tayyorlangan “Usmon Nosir – otashin shoir” foto ko‘rgazmasi hamda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti talabasi Ahmedov Tohirjonning “Ma’rifatparvar ziyolilarimiz” mavzusidagi haykaltaroshlik asarlari ko‘rgazmasi namoyish etildi.

 

 

Bundan tashqari, Usmon Nosir hayoti va ijodiga bag‘ishlangan hujjatli film namoyishi, Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli chiqishlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//