Siyosat
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning Samarqandga tashrifi Islom Karimov maqbarasi ziyoratidan boshlandi. U davlatimiz rahbari bilan birgalikda majmuaga borib, Birinchi Prezidentimiz qabriga gul qoʻydi. Qurʼon oyatlari oʻqilib, duo qilindi.
Turkmanistonlik mehmonlar Mirzo Ulugʻbek muzey-majmuasini borib koʻrdi.
Ushbu majmua buyuk olim qurdirgan rasadxona yonida tashkil etilgan. Muzey ikki zal va olti boʻlimdan iborat. Undan Mirzo Ulugʻbek davriga oid yuzdan ziyod ashyolar, kitoblar, qoʻlyozmalar, asl nusxadagi kvadrant asbobi oʻrin olgan.
Buyuk bobomizning nodir rasadxonasi, yuksak ilmu zakovati mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Oʻzbekiston va Turkmaniston Prezidentlari Amir Temur maqbarasini ham ziyorat qildi. Bobokalonimiz ruhiga Qurʼon tilovat qilindi.
Mehmonlarga buyuk Sohibqironning hayoti, sarkardalik mahorati, ulkan davlati haqida soʻzlab berildi. Maʼlumki, Amir Temur oʻzi idora qilgan oʻlkalarda ilm, madaniyat, savdo va hunarmandchilikni rivojlantirgan, mustahkam obidalar qurdirgan. Xususan, hozirgi Markaziy Osiyo davlatlarida Sohibqiron bobomizning merosi alohida qadrlanadi.
Davlat rahbarlari Registon majmuasiga tashrif buyurdi.
Majmuadagi uch muhtasham obida – Mirzo Ulugʻbek, Sherdor va Tillakori madrasalarining tarixi haqida soʻzlab berildi. Xalqimizning meʼmorchilik anʼanalari, madrasalardagi naqshlar va ulardagi maʼnolar mehmonlarda katta qiziqish uygʻotdi.
Shavkat Mirziyoyev va Serdar Berdimuhamedov shu yerda esdalik uchun suratga tushdi.
Turkmaniston Prezidentining Oʻzbekistonga davlat tashrifi yakunlandi.
Kecha davlat rahbarlari “Koʻksaroy” qarorgohida samarali muzokaralar oʻtkazib, ularda koʻp qirrali hamkorlikning ustuvor va istiqbolli yoʻnalishlarini belgilab oldilar. Bugun Samarqandning diqqatga sazovor joylariga tashrif buyurdilar.
Umuman, Serdar Berdimuhamedovning Oʻzbekistonga davlat tashrifi kun tartibining kengligi va erishilgan kelishuvlarning ahamiyatiga koʻra ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochgan muhim voqea boʻldi.
Samarqand xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni davlatimiz rahbari kuzatib qoʻydi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q