Ixtirochi jami 5 mlrd soʻm mablagʻ soʻragan – Vazirlik yosh ixtirochining iddaolariga javob qaytardi

Saqlash
01:35 / 16.07.2022 900 0

Toshkent viloyati Chinoz tumanida yashaydigan ixtirochi yigit Mahkamov Jahongirga Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan yordam berilmayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda mazkur holat muhokamalarga sabab boʻldi. Holat yuzasidan vazirlik munosabat bildirdi.

 

Qayd etilishicha, Jahongir Mahkamov 2020-yilning yanvar oyida Innovatsion rivojlanish vazirligiga taklif etilgan va unga startap loyihalar tanlovida ishtirok etish imkoniyatlari haqida maʼlumotlar berilgan. Tegishli meʼyoriy-huquqiy hujjatlarga koʻra, startap loyihaga vazirlik 1,5 mlrd. soʻmdan oshiq mablagʻ bera olmaydi. J. Mahkamov, loyihasini amalga oshirish uchun jami 5 mlrd. soʻm mablagʻ soʻragan.


Bu startaplarga ajratiladigan pul mablagʻlaridan anchayin koʻp boʻlgani sababli u yaratgan ishlanmalar — doimiy quvvatga ega elektrodvigatel, quruq zaryadli va tez tiklanuvchi akkumulyator va tok kuchaytirgichi vazirlik tomonidan tashkil etilgan ishchi guruhi tomonidan oʻrganib chiqildi. 

 

«Oʻzbekenergo» ilmiy-texnik markazi laboratoriya mudiri, t.f.d., prof. Toʻlagan Kamolov, I. Karimov nomidagi TDTUning “Elektrik mashinalar” kafedrasi professori, t.f.d. Kamoliddin Olimxoʻjayev va kafedra mudiri t.f.d. Olimjon Toirov, Toshkent Temir yoʻl muhandislari instituti kafedra mudiri Usan Berdiyev, «Oʻzagrotexsanoatxolding» AJ konstruktorlik byurosi mudiri Sherzod Ahmedov va texnologik boʻlimi mudiri Sayfiddin Asamov, Innovatsion rivojlanish vazirligi boʻlim boshligʻi Mirziyod Mirsaitovdan iborat ishchi guruh Chinoz tumaniga borib, ixtirochi tomonidan taqdim etilgan ishlanmalarni dastlabki koʻrikdan oʻtkazgan.

 

Mahkamov tomonidan yaratilgan uskunalarning mukammallashtirilgan prototiplarini yaratish u tomonidan tuzilgan sarf-xarajatlar smetasi boʻyicha qator savollar tugʻilgan. Shundan soʻng, Mahkamovga smeta xarajatlari qisqartirib, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan startap loyihalar tanloviga topshirish maslahat berilgan. Lekin shu paytgacha Jahongir Mahkamovdan tanlovga loyiha qayta hisob-kitob qilinib topshirilmagan va asoslantirilgan hujjatlar kelib tushmagan.


«Mahkamovning ixtirosi ilmiy asoslanmaganligi va ilmiy loyiha boʻlmaganligi hamda gʻoya shaklidagi dastlabki qoʻlbola ishlanma boʻlganligi bois Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan bunday ishlarni asoslantirilgan ishlanmagacha takomillashtirish uchun birinchi bosqichda odatda oʻrtacha 10 mln soʻmdan 700 mln. soʻmgacha boʻlgan mablagʻ ajratilishi koʻzda tutilgan.


Shu oʻrinda, taʼkidlash joizki loyiha ishonchli deb topilib, asoslantirilgan takliflar tayyorlansa, tanlov komissiyasi, ilmiy-texnik kengash va vazirlik Hayʼati tomonidan keyingi bosqichlarda koʻrib chiqilib, kichik hajmli ishlab chiqarishni tashkil qilish uchun eng koʻpi bilan 1,5 mlrd. soʻm mablagʻ ajratilishi mumkin. Har qanday ishlanmani keng miqyosda ishlab chiqarish bu biznes loyiha boʻlib, tadbirkor zarur mablagʻlarni bankdan kredit sifatida olish tavsiya etiladi. Shuningdek, J. Mahkamov Oʻzbekistonda hozirda faoliyat yuritayotgan UzVC venchur fondiga mablagʻ soʻrab murojaat qilish imkoniyatiga ega. Oʻz navbatida, xususiy venchur fondlari ham birinchi bosqichda biz soʻragan ishlarni amalga oshirishni taklif qiladi.


Ayni paytda Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida INNO texnoparkida mazkur qurilmalarning prototiplarini tayyorlash uchun barcha sharoitlar, asbob-uskunalar mavjud. Mahkamovni mana shu texnoparkda oʻz ixtirosini ustida ishlash uchun taklif etamiz», deyiladi munosabatda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//