Ayrim AYOQSHlarda benzin “urib” qolinayotgani aniqlandi

Saqlash
23:58 / 14.07.2022 865 0

Iyun-iyul oylarida Energetika vazirligi huzuridagi “Oʻzneftgazinspeksiya” isteʼmolchilarga yetkazib berilayotgan neft mahsulotlarini sifat va miqdor jihatidan amaldagi meʼyoriy hujjatlar talablariga muvofiqligi boʻyicha navbatdagi nazorat tadbirlari oʻtkazildi.

 

Unda neft mahsulotlarini sotish bilan shugʻullanuvchi 44 ta xususiy korxonalarga qarashli AYOQSHlarda umumiy miqdori 108 ming litr neft mahsulotlari bilan bogʻliq qonun buzilish holatlari aniqlandi.

 

Jumladan, AYOQSHlarda saqlanayotgan neft mahsulotlaridan namunalar olinib, laboratoriya sharoitida tahlil etilganida 34 ming litr mahsulot sifatsiz ekanligi maʼlum boʻldi.

 

Qolaversa, 60 ming litr kamomad, 15 ming litr ortiqchaligi va 299 litr asossiz hisobdan chiqarish holatlariga yoʻl qoʻyilganligi fosh etildi.

 

Bundan tashqari, 10 ta holatda isteʼmolchilar haqidan har 10 litrda 30 millilitrdan 750 millilitrgacha kam quyib berilayotganligi aniqlandi, deyiladi xabarda.

 

Shuningdek, tadbir davomida AYOQSHlarda 70 ga yaqin texnik va metrologik kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligi maʼlum boʻldi.

 

Respublika boʻyicha aniqlangan qonun buzilish holatlarining asosiy qismi Namangan viloyati (55,4 ming litr), Fargʻona viloyati (27 ming litr), Sirdaryo viloyati (14,2 ming litr), Surxondaryo viloyati (4,2 ming litr), Qashqadaryo viloyat (2,7 ming litr) lariga toʻgʻri kelmoqda.

 

Aniqlangan qonun buzilish holatlari boʻyicha rasmiylashtirilgan hujjatlar chora koʻrish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//