Prezident topshirigʻi bilan Samarqandda “Muzeylar kvadrati” tashkil etiladi

Saqlash
19:35 / 14.07.2022 1141 0

Oʻzbekiston Prezidenti topshirigʻiga koʻra, respublikada 9 ta yangi muzey tashkil etiladi, shulardan 7 tasi Samarqanddagi “Muzeylar kvadrati”da boʻladi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari - Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov maʼlum qildi.

 

Turizm va madaniy meros vazirligi hamda uning huzuridagi Madaniy meros agentligi tomonidan Samarqand, Fargʻona, Xorazm viloyati hokimliklari, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Samarqand shahrida “Muzeylar kvadrati” faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

 

Aziz Abduhakimovning soʻzlariga koʻra, “Buyuk ipak yoʻli — Oʻzbekiston va Xitoyning oltin merosi” koʻrgazmasi, “Samarqand — Oʻzbekiston va Rossiya mintaqalari madaniyatlari tutashuvi” koʻrgazmasi, “Klassitsizm” muzeyi, Tarixiy fotosuratlar muzeyi, Zargarlik sanʼati muzeyi, Badiiy koʻrgazmalar zali, “Samarqand” davlat muzey-qoʻriqxonasining filiallari sifatida anʼanaviy liboslar muzeylari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

 

Shuningdek, Qoʻqon shahrida “Qoʻqon” davlat muzey-qoʻriqxonasi filiali sifatida Zamonaviy sanʼat muzeyi hamda Urganch shahrida Oʻzbekiston zamonaviy sanʼat muzeyining filiali sifatida Lazgi muzeyi tashkil etiladi.

 

Taʼkidlash joizki, bundan maqsad Oʻzbekiston sanʼatining jahon adabiy va madaniy muhitiga integratsiyasi, muzeylarimizdagi tarixiy eksponatlarning oʻzbek xalqi va davlatchiligi tarixi, buyuk allomalar hayoti va faoliyatida tutgan oʻrni hamda xalqaro maydonda mamlakatning ijobiy imijini mustahkamlashga oid zamonaviy yangi ekspozitsiyalarni yaratish va muzey toʻplamlaridagi boy tarixiy hamda madaniy merosimizni zamonaviy sanʼat platformasida keng targʻib qilishdir.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//