Samarqandda Bahodir Yalangtoʻshga haykal qoʻyish taklif etildi

Saqlash
21:07 / 13.07.2022 827 0

Registon maydonida Bahodir Yalangtoʻshga haykal qoʻyish taklif etilmoqda. Samarqand davlat universiteti dotsenti Erkin Musurmonovning fikricha, Registon maydonini hozirgi koʻrinishga olib kelgan bek Bahodir Yalangtoʻsh shahar uchun qilgan hayrli ishlari bilan Temurbekdan keyingi oʻrinni egallaydi. 
 

“Registon maydoni oldida uning asoschisi – Bahodir Yalangtoʻsh haykali qad koʻtarsa, uning qiyofasini yaratishda albatta Yalangtoʻshligiga eʼtibor qaratilsa yaxshi boʻlardi. Oʻzbek hukmdori Balx yaqinidagi jangda sovut-qalqonsiz, ochiq koʻkrak bilan jang qilgani uchun Yalangtoʻsh oti bilan yanada mashhur boʻlgan. Haykaldagi koʻkragi ochiq, bir qoʻli bilan sher (Sherdordagi sherlarga shaʼma)ni ezgʻilab, boʻysundirib turgan qiyofa unga qudrat, hech kimga oʻxshamas koʻrk baxsh etadi”, degan filologiya fanlari doktori Erkin Musurmonov.
 

"Registonda, Bahodir Yalangtoʻsh haykali poyida Florensiyadagi Uffitsi Galereyasi (La Galleria degli Uffizi) kabi ochiq osmon ostida Samarqandni boshqargan yoki uning tarixida muhim oʻrin tutgan shaxslar haykallari alleyasi yaratilsa, juda yaxshi boʻlardi. Ikki tomoni haykallar bilan bezalgan yoʻlak, xiyobon, sayyohlar oqimiga sabab boʻladigan bir madaniy oromgohga aylanardi. Chet ellik mehmonlar birvarakayiga Alp Er Toʻnga (Afrosiyob, zardoʻshtiylikdan oldingi davr), Aleksandr Makedonskiy (eramizdan oldingi 356-323-yillar), Xitoy imperatoriga aylangan Samarqand oʻgʻloni An Lushan (Alp Arslon 703-757-yillar),  Samarqanddagi ilk madrasa ijodkori Ibrohim ibn Nasr Tamgʻachxon Qoraxoniy (1040-1070-yillar), saljuqiy hukmdor sulton Sanjar (1118-1157-yillar), shoir va mutafakkir Ahmad Yugnakiy (XII-XIII asr), deyarli kimsasiz, yovvoyi hayvonlar makon qilgan Samarqandga turli joylardan odamlarni koʻchirib, unga qayta jon ato qilgan Samarqand begi Shohmurod ibn Doniyol (1720-1785-yillar) kabi ulugʻlar bilan koʻrgazmali, tovushli tarzda tanishib ketar edi. 

 

Bu buyuklarning hech biriga alohida haykallar oʻrnatilmagan. Alleyaning alohida bir qismini sovet va mustaqillik davridagi viloyat hokimlari byustlari egallasa ham yaxshi boʻlardi",  degan u.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish