Andijon hokimi qarorida vazirlar va Ortiqxoʻjayevga topshiriq berdi

Saqlash
02:30 / 14.07.2022 771 0

Joriy yilning 7-iyul kuni Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov yangi hujjat imzoladi. Hokim tomonidan imzolangan mazkur qaror Oʻzbekiston Prezidentining 27-iyundagi OAV hamda jurnalistika sohasini qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlashga qaratilgan.

 

Qaror bilan hokim AKT vaziri Sherzod Shermatov, adliya vaziri Ruslanbek Davletov, moliya vaziri Timur Ishmetov, qurilish vaziri Botir Zokirov, iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri oʻrinbosari Adiz Boboyev hamda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayevga topshiriq bergani jamoatchilik tomonidan muhokamalarga sabab boʻldi.

 

Qayd etilishicha, ushbu holat hujjatda Prezident qaroridan mazkur hududga moslashtirilmagan holda koʻchirilgan bandlar borligi tufayli sodir boʻldi.

 

Viloyat hokimligi matbuot xizmati maʼlum qilishicha, qaror normativ huquqiy hujjatlar toʻgʻrisidagi qonunga muvofiq, normativ huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, yuridik texnik jihatdan rasmiylashtirish va huquqiy ekspertizadan oʻtkazish qoidalariga asosan, belgilangan talablarga rioya qilingan holda ishlab chiqilgan.

 

Viloyat adliya boshqarmasi matbuot xizmatining qayd etishicha, hokim qarorlarida odatda ijrochilarga tushunarli boʻlishi uchun Prezidentning qarorida koʻrsatilgan vazifalar matni takror maʼlumot uchun koʻrsatib oʻtiladi.

 

“Bu boshqa viloyatlarda ham anʼanaga aylangan amaliyot. Vazirliklarga topshiriqlar berilgan degan talqinni ham, yuqoridagi hokim qarorining tegishli bandini oxirigacha oʻqib chiqib, aniqlab olish mumkin, yaʼni Prezident qaroridagi topshiriqlar maʼlumot va ijro uchun qabul qilingan. Shuningdek, viloyat hokimi qarori bilan ilovalar tasdiqlanmagan, balki Prezident qarorida tasdiqlanganligi inobatga olingan”, deyiladi xabarda.


Adliya boshqarmasi hokim qarori nega huquqiy ekspertizadan oʻtkazilmaganiga izoh berdi. Qonunchilikka muvofiq uch turdagi qarorlarni yer munosabatlariga doir, normativ tusdagi qarorlar, koʻchmas mulkni buzish bilan bogʻliq qarorlar ekspertizadan oʻtkaziladi.

 

“Andijon viloyat hokimining mazkur qarori yuqoridagi qarorlar toifasiga kirmaganligi sababli adliya boshqarmasidan huquqiy ekspertizadan oʻtkazilmaydi”, deyiladi xabarda.

 

Adliya boshqarmasi hokimning har bir qarori adliya organlaridan huquqiy ekspertizadan oʻtkazilishi haqidagi fikrlarni ham rad etdi. Bu ish hokimlik yuriskonsulti tomonidan amalga oshiriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//