Sirdaryoda 20 yoshli yigit rahbar bo‘lgan ekstremistik guruh aniqlandi

Saqlash
19:26 / 13.07.2022 783 0

Sirdaryo viloyati IIB va DXXB hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida, Mirzaobod tumanida yashovchi, 1998–2004-yillar orasida tug‘ilgan 4 nafar fuqaro internet tarmog‘i orqali jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallarni tarqatish bilan bog‘liq jinoyatni sodir etganliklari aniqlandi.

 

Jumladan, 2002-yilda tug‘ilgan M.A. boshchiligidagi ushbu ekstremistik guruhga 1998-yilda tug‘ilgan M.B., I.A. hamda 2004-yilda tug‘ilgan R.M. a’zo bo‘lishib, zo‘ravonlik va shafqatsizlikni targ‘ib etuvchi materiallarni Telegram messenjeri orqali tarqatib kelganlar.

 

Ushbu shaxslar muqaddam bir mahallada istiqomat qilgan va hozirda Suriya hududidagi “Tavhid va jihod katibasi” terrorchilik tashkiloti safiga borib qo‘shilgan 1994-yilda tug‘ilgan I.A. va 1987-yilda tug‘ilgan A.N. bilan internet orqali aloqa bog‘lab, ularning ta’sirida ekstremistik mazmundagi audio-videomateriallarni yaqin tanishlari orasida tarqatish va targ‘ib qilish bilan shug‘ullanib kelganlar.

 

To‘plangan materiallar asosida mazkur shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 244-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//