Samarqand shahrining tarixiy va muhofaza hududida 21 ta noqonuniy qurilish qilingani maʼlum boʻldi

Saqlash
01:37 / 09.07.2022 815 0

Samarqand shahrining tarixiy va muhofaza hududida 21 ta noqonuniy qurilish qilingani maʼlum boʻldi. 2022-yilning yanvar oyidan ayni kunga qadar qurib bitkazilgan qurilish ishlarining 20 tasini buzish boʻyicha ogohlantirish berilgan. Bu haqida xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi sessiyasida viloyat Madaniy meros boshqarmasi boshligʻi Botir Shaymatov maʼlum qilgan.

 

“Ogohlantirish xatidan keyin ham qurilish ishlarini davom ettirgan uchta holat yuzasidan maʼmuriy javobgarlik masalasi belgilangan. Ikkita holat boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatish yuzasidan viloyat prokuraturasiga hujjat taqdim etilgan. 57 ta arxeologiya merosi obyektlarida dafn etish joylari joylashgani aniqlandi”, deydi Botir Sharipov.

 

Qayd etilishicha, 2022-yil davomida jami yangi 176 ta yangi arxeologiya madaniy meros obyekti aniqlanib, ularni Milliy roʻyxatga kiritish yuzasidan Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligiga maʼlumot kiritilgan.

 

Qoʻshimcha qilinishicha, Madaniy meros boshqarmasi qoshidagi Ilmiy-texnik tadqiqot guruhi tomonidan oʻrganilgan 600 ta moddiy madaniy meros koʻchmas mulk obyektlari hujjatlari Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligining ilmiy-ekspert kengashiga ekspertizadan oʻtkazish uchun taqdim etilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//