Toshkentda IX-X asrlarga oid boʻlgan arxeologik yodgorlik aniqlandi

Saqlash
20:47 / 06.07.2022 914 0

Toshkent shahar, Yashnabod tuman, “Ibrat” MFY, Iftixor koʻchasida joylashgan “Changallik” qabristonida arxeologik kuzatuv-qidiruv ishlari olib borish jarayonida tepalikdan IX-X asrlarga oid boʻlgan sirlanmagan, ammo qora boʻyoq oqizib va tirnab bezak berilgan sopol idish namunalari, 20x20x3-35 santimetr hajmdagi pishgan gʻishtlar topilgan. Bu haqda Oʻzbekiston fanlar akademiyasi xabar berdi.

 

Chirchiq daryosining oʻng tomonida, daryo oʻzanidan 220 metr uzoqlikdagi ushbu qabriston shimoli-sharqdan janubi-gʻarbga choʻzilgan. Uning uzunligi 390, kengligining qisqa joylari – 75, eng keng joyi esa 125 metrgachani tashkil qiladi. Bu qabristonning oʻrtasida yon-atroflardagi tekislikdan balandligi 2 metr, kattaligi 0.44 gektar keladigan toʻrtburchak shakldagi tepalik ajralib turadi. Bu tepalik koʻzdan kechirilganda uning arxeologik yodgorlik oʻrni ekanligi aniq boʻldi. Tepalik sirtidan IX-X asrlarga oid boʻlgan sirlanmagan, ammo qora boʻyoq oqizib va tirnab bezak berilgan sopol idish namunalari, 20x20x3-35 santimetr hajmdagi pishgan gʻishtlar topildi.

 

Oʻrganilgan tepalik eskidan qabristonga aylantirilgan boʻlib, uning butun maydonini kichik-kichik doʻnglik va chuqurchalar egallagan. Bu notekisliklarni koʻzdan kechirish jarayonida ulardan birining ustiga marmartoshdan uzun qilib yoʻnib, yoniga arab harflarida yozuvlar oʻyib yozilgan yodgorlik – qabrtoshi qoʻyilganligiga duch kelindi. Bu qabr tosh undagi yozuvlarga qaraganda 1317-yili vafot etgan shaxsga atab qoʻyilgan.

 

Bu qabr toshdan tashqari yana ikki dona shunga oʻxshash qabrtoshlar qabristonning alohida joyga olib borib qoʻyilgan ekan. Ulardan biriga 1295, ikkinchisiga 1313 soni yozilgan. Qabr toshlardagi yillar hijriy-qamariy yil hisobida yozilgan boʻlib, ular milodiy XIX asrning IV-choragiga toʻgʻri keladi.

 

 

Bulardan tashqari, qabriston qorovulining qabrlarni suvash uchun keltirilgan tuproq orasidan chiqqan va ancha paytdan buyon asrab-avaylab saqlab kelinayotgan koʻzacha ham davlat muzeylariga topshirish uchun olindi.

 

Yuqoridagilar “Changallik” qabristonining arxeologik yodgorlik ekanligini, uning IX-X asrlarda qishloq oʻrni boʻlganligini, XIX asrdan boshlab qabriston vazifasini oʻtab kelayotganligini koʻrsatmoqda.

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//