“Yod tanqisligi tugʻma kasalliklar darajasini oshiradi” — SSV osh tuzi yodlanganiga eʼtiborli boʻlishga chaqirdi

Saqlash
20:00 / 06.07.2022 778 0

Oʻzbekistonning barcha hududida yod tanqisligi bilan bogʻliq kasalliklarga chalinish mumkin.

 

SSV matbuot xizmati maʼlum qilishicha, tanadagi yod miqdori kamayishi bola miyasi rivojlanishi buzilishi, hatto endemik buqoq, aqliy zaiflik, perinatal va chaqaloqlar oʻlimi koʻpayishiga sabab boʻladi. 

 

Bundan tashqari, yod tanqisligi tugʻma kasalliklar darajasini oshiradi, homila va yangi tugʻilgan chaqaloqlarda miyaning qaytarilmas shikastlanishi, intellektual salohiyati pasayishiga ham olib keladi. 

 

 

«Vazirlik va Sanepid xizmat mutaxassislarining tekshiruvlarida yuqoridagi suratlarda keltirilgan osh tuzlarida inson salomatligi uchun muhim boʻlgan yod miqdori yetishmasligi aniqlandi. 

Hurmatli fuqarolar! Sogʻliqni saqlash vazirligi osh tuzini isteʼmol qilayotganingizda, albatta, uning yodlangani va sifatiga eʼtiborli boʻlishingizni soʻrab qoladi», deyiladi vazirlik xabarida.

 

Oʻzbekistonning barcha hududida yod tanqisligi bilan bogʻliq kasalliklarga chalinish mumkin. Bu haqda 5-iyul kuni AOKAda oʻtkazilgan brifingda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʻi oʻrinbosari Nurmat Otabekov maʼlum qildi.

 

Qayd etilishicha, hozirga kelib Oʻzbekiston sharoitida aholisi yod tanqisligi bilan bogʻliq kasalliklarga chalinish xavfi boʻlmagan hudud yoʻq, negaki respublikaning shu kungacha oʻrganilgan barcha hududlarida aholi ratsionida yod tanqisligi mavjudligi kuzatilgan.

 

Akademik, Ya.X.Toʻraqulov nomidagi Endokrinologiya RIIATM tomonidan respublikaning barcha hududlarida olib borilgan tadqiqotlarga koʻra, fuqarolar tomonidan kunlik oʻrtacha yod isteʼmoli sezilarli darajada kamaygan boʻlib, bor-yoʻgʻi 32-64 mkg ni tashkil etadi. Zarur boʻlgan minimal miqdori esa 150-200 mkg ga tengdir.

 

JSST fikriga koʻra endemik boʻqoqning sporadik shakllari 5 foizga kamayishiga erishilsa, u holda YTK toʻliq bartaraf qilingan hisoblansa-da, Oʻzbekistonda bugungi kunda yod tanqisligi ogʻir hudud boʻlib qolmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//