Bolani azoblab uqalash muolajasi qilgan “shifokor”ning diplomi yoʻqligi maʼlum boʻldi

Saqlash
01:17 / 06.07.2022 911 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda yosh bolani jismoniy ogʻritib, tibbiyot talablariga mutlaqo mos boʻlmagan uqalash muolajasi amalga oshirilayotgani aks etgan videolavha tarqaldi.

 

Chilonzor tumanidagi 38-oilaviy poliklinikada tasvirga olingani aytilgan bu xatti-harakatlar jamoatchilikning eʼtirozlariga sabab boʻldi.

 

Sogʻliqni saqlash vazirligi mazkur holat yuzasidan olib borgan dastlabki tezkor oʻrganishlar natijasida quyidagilarni maʼlum qildi.

 

Qayd etilishicha, videolavhadagi uqalash seansi Chilonzor tumanidagi 38-oilaviy poliklinikada emas, balki ushbu muassasa binosining xususiy korxonaga tegishli boʻlgan qismidagi xonalardan birida amalga oshirilgan.

 

Massaj muolajasini bajargan shaxs B.Z. bilan suhbatda u mazkur faoliyat bilan shugʻullanish uchun tegishli ruxsatnoma va sertifikatga, qolaversa, fizioterapiya yoʻnalishida diplom va malaka toifasiga ega emasligini maʼlum qildi.

 

Shu bois Sogʻliqni saqlash vazirligi yuqoridagi holatga huquqiy baho berish uchun huquq-tartibot idoralariga murojaat qildi.

 

Oʻz navbatida, B.Z.ning xatti-harakatlariga tibbiy baho berish maqsadida Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mutaxassislarining xulosalari olindi.

 

Ahrorbek Joʻrayev, Bolalar ortopediyasi boʻlimi rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor:

 

«Bolalar ortopediyasi amaliyotida uqalash muolajalari keng qoʻllaniladi va buning qatʼiy qoida hamda talablari mavjud. Mazkur jarayonda kasallik turi, bolaning yoshi va holati hisobga olinib, har bir bemorga individual yondashilishi zarur.

 

Ammo eng muhim talablardan biri uqalash muolajasi chogʻida kichik yoshli bemorda qoʻrquv boʻlmasligi shart! Ammo videolavhada bola stress holatida ekanini koʻrdik. Hatto yonida yaqini oʻtirganiga qaramay, tinimsiz yigʻlab, bezovta boʻlmoqda. Bu uning nafaqat jismoniy salomatligi, balki ruhiyatiga ham juda yomon taʼsir koʻrsatadi. Qisqa qilib aytganda, tibbiyotda bunday uqalash muolajasiga mutlaqo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi».

 

Iskander Xodjanov, Bolalar travmatologiyasi boʻlimi mudiri, tibbiyot fanlari doktori, professor:

 

«Massaj muolajalari ohista boshlanib, yuqori darajaga koʻtarilgach, yana ohistalik bilan tugashi kerak. Lekin biz videoda buning butunlay aksini koʻrdik. Bunday holatlarda uqalash muolajasidan soʻng paylar jarohatlanishi va hatto suyaklar sinishi kuzatilishi mumkin.

 

Massaj jarayonida ogʻriq sindromi paydo boʻlsa, bu kuchli qoʻrquvni keltirib chiqaradi. Ushbu holat esa keyinchalik zararlangan boʻgʻimlarning umrbod ishlamay qolishi, yaʼni kontraktura paydo boʻlishiga olib keladi. Shundan kelib chiqib, videolavhadagi muolaja usulini bugungi kun tibbiyotiga butunlay yot, deb hisoblayman».

 

Muratjan Saliyev, ilmiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari, tibbiyot fanlari nomzodi:

 

«Uqalash muolajasi bilim, mahorat va tajriba talab etadi. Shu sababli ota-onalar bunday davolash seanslari uchun aynan shu sohaga ixtisoslashgan professional tibbiyot xodimlariga murojaat qilishlari lozim.

 

Videolavhadagi xatti-harakatlarga kelsak, bu tibbiy uqalash muolajasi standartlariga mutlaqo toʻgʻri kelmaydi. Gap inson, ayniqsa, jondan aziz farzandlarimiz salomatligi haqida ketar ekan, bu kabi holatlarga aslo koʻz yumib boʻlmaydi, degan fikrdaman».

 

Ayni paytda holat yuzasidan tekshiruv ishlari davom ettirilmoqda va ularning natijalari boʻyicha qoʻshimcha maʼlumot beriladi, deyiladi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabarida.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//