Toshkentda shifokor shoshilinch tugʻuruqni avtomobilda amalga oshirdi

Saqlash
22:02 / 05.07.2022 742 0

Qibray tumanining Chinobod koʻchasidan avtomashinaga chiqqan homilador ayolda kutilmaganda toʻlgʻoq boshlanadi. Unga hamroh boʻlgan qaynonasi uzoqdan tibbiyot muassasasi binosiga koʻzi tushib, taksi haydovchisiga oʻsha yerga olib borishini aytadi.

 

Poytaxtimizdagi Mirzo Ulugʻbek tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli Ulugʻbek shaharchasi 1-son poliklinikasi hududiga “Matiz” rusumli avtomashinada olib kelingan homilador ayolga zudlik bilan tibbiy yordam koʻrsatishga kirishildi.

 

 

Bu vaziyatda har bir soniya hisobli edi.Tugʻuruq jarayoni esa allaqachon boshlangan. Shoshilish zarur! Aslida oilaviy poliklinika goʻdakni dunyoga keltirish uchun moʻljallanmagan boʻlsa-da, ayolni shundoqqina roʻparadagi ushbu muassasa binosiga olib oʻtishga ham fursat yetmadi.

 

Poliklinika mudirasi Hilola Jamilova (suratda) oʻta tezkorlik bilan butun masʼuliyatni zimmasiga olib, avtomobilning oʻzida ayolga doyalik qilishga kirishdi.

 

Mutaxassisligi akusher-ginekolog boʻlgan mudira va uning jamoasi saʼy-harakati va qatʼiyati sababli tugʻuruq muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

 

Shundan soʻng ona va bola sogʻlom holda poliklinikaga eng yaqin hisoblangan Qibray tumani tibbiyot birlashmasi tasarrufidagi tugʻuruq kompleksiga mutaxassis hamrohligida olib borilgan.

 

Hozir ona-bolaning ahvoli yaxshi, ular salomatligi tugʻuruq kompleksi shifokorlari nazorati ostida.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//