Yosh yozuvchilar hikoyalarini jamlagan kitob nashr qilindi

Saqlash
04:33 / 05.07.2022 1366 0

Kuni kecha Yoshlar press klubi binosida yosh yozuvchilar hikoyalaridan iborat “Orzu va dengiz” hamda Iqbol Mirzoning “Bonu” kitoblarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda yozuvchi-shoirlar, adabiyotshunoslar, noshirlar va kitobxonlar ishtirok etdi.

 

 

“Factor books” nashriyoti tomonidan chop etilgan mazkur kitoblar haqida adabiyotshunos olim Suvon Meli, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Muhiddin Omon, “Yoshlik” jurnali bosh muharriri Nurilla Chori, jurnalist va yozuvchi Xoliyor Safarov, adiba Go‘zaloy Solih so‘zga chiqib, fikr-mulohazalarini bildirdi. Jumladan, yozuvchilar safida ayol-qizlarning ko‘payib borayotgani, to‘plamdan 14 nafar adibaning hikoyalari o‘rin olgani quvonarli hol ekani ta’kidlandi.

 

 

Shundan so‘ng “Orzu va dengiz” kitobidan o‘rin olgan 41 muallif sahnaga taklif qilindi va tashakkurnoma bilan taqdirlandi. Tadbir davomida kitobxonlar ishtirokida qiziqarli o‘yinlar ham tashkil qilindi.

 

 

– Kitobga mening hikoyam nomi sarlavha qilib olinganidan xursand bo‘ldim, –  deydi adiba Raxshona Ahmedova. – Taqdimotga qatnashish uchun Koreyadan yetib keldim. Respublikaning turli hududlaridan kelgan ijodkor do‘stlar bilan fikr almashdik. O‘ylaymanki, yosh yozuvchilarning hikoyalari kitobxonlarga ma’qul keladi.

 

Taqdimot davomida “IKAR” loyihasi haqida ham aytib o‘tildi. O‘zbekiston xalq shoirlari – Usmon Azim va Xurshid Davron, xalq yozuvchilari – Murod Muhammad Do‘st va Erkin A’zamning kitoblari tez kunlarda nashr etilishi, tanlovda kitobxonlar faol ishtirok etib avtomobil yutib olishlari mumkinligi e’lon qilindi.

 

 

Bundan tashqari, “Orzu va dengiz” kitobidagi hikoyalar o‘quvchilar tomonidan baholanib boriladi, sentabr oyida eng ko‘p ball to‘plagan uch nafar muallif nashriyotning maxsus sovg‘asiga ega bo‘ladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//