“Olamni mahliyo aylagan diyor!” shiori ostida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi

Saqlash
18:41 / 03.07.2022 1726 1

O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi qabul qilinganiga 30 yil to‘lishi munosabati bilan 2 iyul kuni poytaxtimizning “Xalqlar do‘stligi” maydonida “Olamni mahliyo aylagan diyor!” shiori ostida tantanali bayram tadbiri o‘tkazildi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi Oliy Kengashning 1992-yil 2-iyuldagi X sessiyasida 616-XII-sonli qonun bilan tasdiqlangan va ushbu sana har yili xalqimiz tomonidan keng nishonlab kelinadi.

 

 

Bayram tadbiri avvalida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari, senator Minhojiddin Mirzo so‘zga chiqib, mustaqilligimizning timsoli bo‘lgan, el-yurtimizning g‘ururi-iftixoriga aylangan gerbimizda shonli tariximiz, boy ma’naviy-madaniy merosimiz, milliy urf-odat hamda an’analarimiz, buyuk maqsad, ezgu orzu-intilishlarimiz mujassamligini ta’kidladi.

 

 

Davlatimiz gerbining so‘l tomoni bug‘doy boshoqlaridan, o‘ng tomoni esa chanoqlari qiyg‘os ochilgan g‘o‘za shoxlaridan iborat chambarga o‘ralgan. Tog‘lar, daryolar va gullagan vodiy uzra quyosh zarrin nurlarini sochmoqda. Tamg‘amizning yuqori qismida erkimiz timsoli sifatida sakkizburchak, uning ichida esa yarim oy va yulduz tasvirlangan. Markazda afsonaviy Humo qushi qanot yozib turibdi. Gerbning pastki qismida davlatimiz bayrog‘ini ifoda etuvchi tasmaga “O‘zbekiston” deb yozib qo‘yilgan.

 

 

Ranglar jilosiga ham alohida e’tibor qaratilgan: Humo qushi va daryolar kumush rangda; quyosh, boshoqlar, paxta chanoqlari va «O‘zbekiston» yozuvi oltin rangda. Gʻo‘za shoxlari va barglari, tog‘lar va vodiy yashil, chanoqlardagi paxta esa oq. Tasma davlatimiz bayrog‘ining ranglarini aks ettirgan. Sakkizburchak oltin zarhal bilan hoshiyalangan holda havorang, yarim oy va yulduzlar oq rangda tasvirlangan.

 

 

Mamlakatimizda istiqomat qilayotgan har bir fuqaro davlat ramzlari, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbiga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi qonunchilik bilan belgilab qo‘yilgan. Davlat ramzlariga hurmat mamlakatimizda maktabgacha ta’lim maskanlari, maktablardanoq yosh avlod ongiga singdiriladi. Bu esa ulg‘ayib kelayotgan o‘g‘il-qizlarda o‘zi tug‘ilib o‘sgan yurt taqdiri uchun daxldorlik, vatanparvarlik, fidoyilik, Vatanga sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

 

 

Davlat gerbining 30 yilligini butun mamlakatimiz bo‘ylab 130 dan ortiq millat va elat vakillari bir oila farzandlaridek ahil va inoq nishonlamoqda. Xorijdagi vatandoshlarimiz ham ushbu qutlug‘ sanani o‘zgacha shukuh va ko‘tarinki ruhda tantana qilib, dunyoning turli burchaklaridan xalqimizga bayram tabriklarini yo‘llamoqda. Yurtimizdagi barcha harbiy qismlar, harbiy bilim yurtlari va boshqa huquq-tartibot muassasalarida vatanparvarlik tadbirlari o‘tkazilayotir. Poytaxtimizning markaziy ko‘chalarida davlat bayrog‘i o‘rnatilgan holda “Vatanparvarlik karvoni” tashkil etildi. Bunday tadbirlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida ham bo‘lib o‘tdi.

 

 

Aholi o‘rtasida davlat ramzlariga hurmat ruhini shakllantirish, vatanparvarlikni ulug‘lashga bag‘ishlangan “Eng yaxshi she’r”, “Eng yaxshi hikoya” va “Eng yaxshi maqola” tanlovlari e’lon qilindi. “Davlat gerbi – iftixor ramzi” mavzusida videroliklar tanlovi start oldi. Davlat gerbi qabul qilingan kun munosabati bilan yurtdoshlarimizga SMS tabriklar yo‘llanmoqda. “Rangparda aks etgan Vatan tuyg‘usi” mavzusida rasmlar tanlovi o‘tkazilib, g‘oliblar munosib taqdirlandi. Ularning eng sara ijodiy ishlari “Оуіna.uz” portaliga joylashtirildi.

 

Ta’kidlash lozimki, davlatimiz gerbi – Vatanimiz suvereniteti ramzi, elimizning nafaqat azaliy umid va istaklari, balki porloq kelajagi timsoli hamdir. Shu ma’noda 30 yillik bayram tadbirlarida fuqarolarimiz qalbida o‘z Vatanidan g‘ururlanish, davlat ramzlariga hurmat va iftixor tuyg‘ulari jo‘sh urayotgani, xalqimiz yagona maqsad – mamlakatimizni taraqqiy ettirish, qudratli davlat bunyod qilish yo‘lida yanada jipslashib borayotgani yaqqol ko‘zga tashlandi.

 

1 Izoh

Asilbek

02:02 / 23.02.2024

Menga yoqmadi

Izoh qoldirish

//