Madaniyat
Bugun Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazida “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamasiga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati, Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti, shuningdek, videokonferensiya tarzida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boʻlimlari, tuman boʻlinmalari xodimlari, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarga masʼul idoralar vakillari qatnashdi.
Oliy Majlis Senati Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qoʻmitasi aʼzosi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov Konstitutsiyaga kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalarning Vatanimizni yangi bosqichda rivojlantirishdagi roli, jamiyatimizda inson qadrini ulugʻlashdagi ahamiyati haqida soʻz yuritdi.
Konstitutsiyaviy islohotlar mazmun-mohiyatiga koʻra “inson–jamiyat–davlat”, “Yangi Oʻzbekiston – ijtimoiy davlat” degan tamoyillarni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlashga, xalqparvar davlat barpo etishga, inson huquqlari himoyasi va ijtimoiy muhofazasini kuchaytirishga, yoshlarning huquq va manfaatlarini taʼminlashga qaratilgani qayd etildi.
Oʻzgartish va qoʻshimchalar, shuningdek, sifatli va malakali tibbiy xizmatni tashkil etish, taʼlimni rivojlantirish, xususiy mulk daxlsizligini kafolatlash, fuqarolik jamiyati institutlarining maqomi va ekologik muhofaza, davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini takomillashtirish, joylardagi vakillik va ijro hokimiyati organlarini ajratish kabi masalalarni konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qoʻyishni ham qamrab olgan.
– Bosh qomusimizga milliy oʻzligimiz, bebaho qadriyatlarimiz yanada chuqur singdirilyapti. Jumladan, 49-modda “Tarixiy, maʼnaviy, madaniy va tabiiy meros davlat tomonidan muhofaza qilinadi. Davlat va jamiyat milliy qadriyatlarni himoya qilish, Oʻzbekiston xalqi maʼnaviy va madaniy merosining uzluksizligini taʼminlash toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qiladi” degan mazmun bilan boyitilmoqda. 52-moddaga “Vatanga boʻlgan sadoqat muqaddasdir” degan soʻzlar muhrlab qoʻyilyapti. 65-moddada esa davlat va jamiyat bolalarda hamda yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, buyuk ajdodlarimizning boy maʼnaviy merosidan faxrlanish tuygʻusini shakllantirish toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilishi mustahkamlanmoqda, – dedi senator Minhojiddin Mirzo.
Konstitutsiyaviy islohotlarning keng omma muhokamasiga qoʻyilishi va xalqning xohish-irodasini inobatga olgan holda referendum orqali qabul qilish taklif etilgani har bir yurtdoshimizni Vatan oldidagi burch va majburiyatlariga befarq boʻlmaslikka chorlashi shubhasiz.
Tadbirda taʼkidlanganidek, yangi Oʻzbekistonning ertangi yorugʻ kelajagi sizu bizning konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamasi jarayonidagi faol ishtirokimizga bogʻliqligini toʻla anglab, har birimiz ushbu hujjatni meniki, Mening Konstitutsiyam deyishimiz, unda oʻzimizni, oilamizni, mahallamizni, jamiyat va davlatni yillar davomida bezovta qilib kelgan muammolar yechimini koʻrishimiz muhim.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q