COVID-19ga chalingan bolalarni uy sharoitida davolash mumkinmi?

Saqlash
20:07 / 01.07.2022 725 0

Koronavirus infeksiyasi hali ortga chekingani yoʻq. Ayniqsa, soʻnggi kunlarda yurtimizda ushbu kasallikka chalingan bemorlar soni biroz ortgani kuzatilmoqda. Qolaversa, xastalik yosh bolalarni ham chetlab oʻtmayapti.

 

Xoʻsh, bunday vaziyatda ota-onalar qanday yoʻl tutmogʻi lozim? COVID-19ga chalingan bolalarni uy sharoitida davolash mumkinmi?

 

Ushbu savollariga Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bosh shifokori, tibbiyot fanlari doktori Abdumannon Abduqayumov javob berdi.

 

— Bugun dunyoda koronavirus infeksiyasi bilan bogʻliq vaziyatga eʼtibor bersak, virus bolalar va homilador ayollar orasida ham koʻp kuzatilayotganini koʻrish mumkin, — deydi shifokor. — Albatta bunga qaysidir maʼnoda kasallikning tez-tez mutatsiyalarga uchrayotgani ham sabab boʻlmoqda.

 

Biroq shunisi quvonarliki, ayni paytda yurtimizda bu xastalik aksariyat bemorlar, ayniqsa, bolalarda yengil kechyapti. U asosan tana haroratining koʻtarilishi, tomoq ogʻrigʻi, burun oqishi, yoʻtal, bosh ogʻrigʻi, ich ketishi kabi belgilar bilan namoyon boʻlmoqda.

 

Shu bois, agar xastalik kichik yoshdagi bolalarda yengil shaklda oʻtayotgan boʻlsa, shifokor ularni uy sharoitida davolashga ruxsat berishi mumkin.

 

Agar bolaning fibril tutqanogʻi boʻlmasa, kasallik payti tana harorati 38-38,5 C° darajadan past boʻlganda isitmani tushirishga hojat yoʻq. Shundan ortsagina “Paratsetamol” yoki “Ibuprofen” (bolalar uchun eritma) berish mumkin.

 

Shuni unutmaslik kerakki, tana haroratining 37 S° daraja ekani isitma koʻtarilganini anglatmaydi. Qayta-qayta isitmani tushiruvchi dorilarni ichirish esa undagi termoregulyatsiya markaziga salbiy taʼsir etadi.

 

Ayniqsa, antibiotiklar virusli infeksiyalarda umuman natija bermaydi. Qolaversa, baʼzi shifokorlar hech qanday zarurat boʻlmasa-da koronavirusga chalingan kichik yoshli bemorlarga gormon muolajalarini buyuradi. Bu ham davolashning notoʻgʻri taktikasi hisoblanadi.

 

Uy sharoitida COVID-19ga chalingan bolalarga:

 

3 kungacha har soatda oz-ozdan suyuqlik ichiriladi;

 

3-4 kun davomida har soatda tomoq va burun oddiy iliq suv bilan chayib turiladi;

 

darmondorilarga boy taom va mahsulotlar beriladi;

 

oʻz vaqtida va meʼyorida uxlashi choralari koʻriladi;

 

turli vitaminlar isteʼmol qilinadi.

 

Shuni unutmaslik kerakki, kichik yoshli bemorlarda koronavirus faqatgina yengil shaklda kechgandagina uyda davolanadi. Kasallik oʻrta va ogʻir darajada oʻtayotgan boʻlsa, zudlik bilan shifoxonaga yotqizish zarur.

 

Xususan, bolalarda kasallik davomida :

 

nafas yetishmovchiligi;

 

hansirash;

 

lablarning chetlari koʻkarishi;

 

holsizlik;

 

chuqur yoʻtal belgilari paydo boʻlsa, darhol yashash manzili boʻyicha oilaviy poliklinika shifokoriga murojaat qilish va davolashni statsionar sharoitda davom ettirish kerak.

 

Shuningdek, isitma 5 kundan ortiq davom etib, pasaymasa va pnevmoniya aniqlansa, (qanday ogʻirlik darajasi boʻlishidan qatʼi nazar) bolani shifoxonaga yotqizish lozim.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish