Sanʼat va madaniyat instituti mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

Saqlash
01:22 / 02.07.2022 742 0

Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti faoliyatida bir qator xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligi aniqlandi. Bu Bosh prokuratura tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida aniqlandi.

 

Oliygohga oʻqishga qabul qilishda qonunchilik talablari buzilib, qabul jarayonlarining shaffofligi taʼminlanmagani aytilmoqda.

 

“Xususan, 6 mingdan ortiq abituriyentning ijodiy imtihon natijalari video tasvirlari saqlanmagan, ijodiy imtihon topshirgan 92 nafar abituriyentning titul varaqalari yuritilmagan va yozma imtihonlar olinmagan, 77 ta abituriyentning amaliy ishlari shifrlanmasdan, maxfiyligi taʼminlanmagan holda qabul komissiyasi tomonidan baholangan”, — deyiladi xabarda.Oqibatda, ijodiy imtihonlardan eng yuqori ball bilan oʻqishga qabul qilingan 132 nafar talabaning 27 foizi 1-semestr yakuni boʻyicha qoniqarsiz baho olgan.

 

Shuningdek, Davlat qabul komissiyasi tomonidan institutga ikkinchi mutaxassislik boʻyicha kunduzgi taʼlimga qabul qilishga ruxsat etilgan boʻlsada, sirtqi taʼlimga ham ayrim talabalar qabul qilingan.

 

“Bundan tashqari, institutning shtatlar jadvaliga 10 ta shtat birliklari ortiqcha kiritilib, 327 mln soʻm asossiz sarflangan, haqiqatda oʻtilmagan 1588 soat darslari uchun 89 mln soʻm toʻlanib, byudjet mablagʻlari talon-toroj qilingan”, — deyiladi Bosh prokuratura maʼlumotida.

 

Aniqlangan qonun buzilish holatlari yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//