Vikipediyada oʻzbek tilidagi maqolalarni koʻpaytirishga 10 mlrd soʻm ajratildi

Saqlash
01:19 / 02.07.2022 1140 0

Hozirgi yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish oson emasligini taʼkidlagan Shavkat Mirziyoyev Besh tashabbus olimpiadasi va internetda milliy kontentni rivojlantirish masalalariga toʻxtaldi.

 

“Mahallalardagi 6 milliondan ziyod oʻgʻil-qizlarimiz, ayniqsa, uyushmagan yoshlarning isteʼdodini roʻyobga chiqarish boʻyicha Besh tashabbus olimpiadaci yoʻlga qoʻyildi. Agar sizlar qoʻllab-quvvatlasangiz, endi Besh tashabbus olimpiadasini har yili 2 marotaba oʻtkazamiz”, — dedi davlat rahbari.

 

«Yana bir muhim masala — bugungi yoshlar oʻziga kerakli maʼlumotlarni, avvalo, internetdan olmoqda.

 

Shunday ekan, internetning milliy segmentida yoshlarni oʻziga jalb qiladigan, tariximiz, madaniyatimiz, qadriyatlarimiz haqida ishonarli va qiziqarli maʼlumot beradigan kontentlar yetarlimi?

 

Afsuski, bu savolga ijobiy javob berolmaymiz.

 

Men hozirgina uchrashgan Mehrinoz Abbosova boshchiligidagi bir guruh tashabbuskor yoshlar tomonidan dunyoning eng ommabop elektron ensiklopediyasi – Vikipediyaga 10 mingdan ortiq oʻzbek tilidagi maqolalar joylanganini eshitib, xursand boʻldim», — deya taʼkidladi Mirziyoyev.

 

Prezident bunday ezgu va xayrli loyihalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash zarurligini aytib, ana shu tajriba asosida, internet tarmogʻida oʻzbek milliy kontentini rivojlantirish dasturi amalga oshiriladi, dedi.

 

«Bunda, davlatchiligimiz tarixini matnli va video kontentlar orqali targʻib qilishga alohida eʼtibor qaratish kerak.

 

Shuningdek, yurtimizdan yetishib chiqqan 100 nafar buyuk alloma va mutafakkirlarning internetdagi maʼlumotlar bazasini yaratish, ularning asarlarini ommalashtirish choralarini koʻramiz.

 

Vikipediyada oʻzbek tilidagi maqolalar sonini 100 mingtaga yetkazish va xorijiy tillarda ham Oʻzbekiston haqidagi maʼlumotlarni joylashtirish yaxshi samara berishi shubhasiz.

 

Ushbu maqsadlar uchun 10 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi.

 

Bunday tadbirlarga, bilimli va shijoatli volontyor yoshlarni jalb qilish hamda ularning faoliyatini tizimli ravishda ragʻbatlantirib borish lozim», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//